Oʻzbekistonda Germaniyaning “Knauf” kompaniyasi uchinchi zavodini ishga tushirdi

14:31 21 Iyul 2022 Jamiyat
275 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining “Shoʻrsuv” sanoat zonasida faoliyat boshlagan korxonaga qariyb 19 mln. yevro hajmida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilib, jahon bozorida brend boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

Oʻzbekiston tumanining Shoʻrsuv dahasida qariyb 100 gektar maydonda joylashgan sanoat zonasida bugungi kunda 30 dan ortiq zamonaviy korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Istiqbolli loyihalar doirasida gipsokarton, qurilish gipsi, sement, pishiq gʻisht, keramik buyumlar, qora qogʻoz, ohak singari qurilish sanoatida talab yuqori boʻlgan yuzlab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilyapti. Tadbirkorlik faoliyatini ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida hududda 14 ta konchilik markazlari tashkil etilgan.

2022-yili tumanda 26,5 mln. AQSH dollari miqdorida eksport faoliyatini amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, 120 turdan ortiq qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 612 ta sanoat korxonalari kesimida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan. Shuningdek, hududda qulay investitsiya muhiti yaratilgani tufayli Germaniya, Xitoy singari dunyoning eng rivojlangan davlatlari sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni tobora koʻpayib borayotgani eʼtiborga sazovordir.

Yangi korxona ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, “Knauf” kompaniyasi hammuassisi Nikolaus Knauf, “Knauf” guruhining boshqaruvchisi Uve Knotser, Germaniyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner, Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, germaniyalik va mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdilar.

Tadbir qatnshachilari dastlab korxonadagi zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari hamda oʻrnatilgan dastgohlar bilan tanishdi. Loyiha qiymati qariyb 19 mln. yevro boʻlgan va yillik 17 million kvadrat metr gipsokarton listlari hamda 40 ming tonna quruq qurilish aralashmalarini ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod modulli texnologiya asosida ikki yarim yilda qurib bitkazildi. Natijada bu yerda 80 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va “Knauf” kompaniyasi rahbariyati ishtirokida korxona ishga tushirilishiga ruxsat beruvchi ramziy kalit bosilib, dunyoga mashhur nemis standarti asosida tayyorlanuvchi ilk mahsulot tayyorlashga kirishildi.

Xorijlik va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida keng koʻlamli hamkorlik aloqalari yil sayin rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan eʼtirof etildi. Prezidentimizning 2019-yili Germaniyaga rasmiy tashrifi, mashhur tadbirkorlar bilan uchrashuvi samarasi boʻlgan mazkur korxona faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi. Shu tariqa “Knauf” kompaniyasining Oʻzbekistondagi uchinchi zavodi sifatida bu yerda nemis texnologiyasi va yuqori ekologik standartlarga muvofiq sifatli qurilish mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosan ichki bozor, bir qismini xorijga eksport qilish rejalashtirilgan.

— Yaqin istiqbolda mahsulotning 35 foizini Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turmaniston, Afgʻoniston davlatlariga eksport qilish koʻzda tutilmoqda, — deydi kompaniya boshqaruvchisi Uve Knotser. — Talab va ehtiyojdan kelib chiqib, yangi liniyalar ishga tushiriladi. Kompaniyaning oʻquv markazi tashkil etilib, professional mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Ayni paytda kompaniya mutaxassislari tomonidan hududning tabiiy-mineral xom ashyolari oʻrganilib, yangi mahsulot turlarini oʻzlashtirish, transport-logistika xarajatlarini qisqartirish, turdosh korxonalar oʻrtasida oʻzaro integratsiya taʼminlashiga erishish borasida izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

— Malaka oshirish kursida oʻqib, qisqa muddatda zamonaviy texnologiyalarni boshqarishni oʻrgandik, — deydi korxona ishchisi Vohidjon Muhammadjonov. — Tengdoshlarim qatorida shunday korxonada ishlayotganimdan faxrlanaman.

Korxona taʼsischilaridan biri Nikolaus Knauf jahonning yuzga yaqin davlatlarida 230 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalariga ega tadbirkorlik faoliyati davomida Fargʻonadan oʻzgacha taassurotlar olganini zavq bilan soʻzladi.

— Dunyo koʻrgan inson sifatida Oʻzbekiston, xususan, Fargʻonaning goʻzal va betakror tabiati, yuksak dehqonchilik madaniyati meni oʻziga mahliyo etdi, — deydi u. — Shu bois bu yurt odamlari, tabiati, shirindan-shakar mevalarini oʻzgacha qadrlayman.

Shunday qilib, bepoyon bogʻlar, dala va dashtlar qoʻynida muhtasham korxona oʻz faoliyatini boshladi. Mamlakatimiz eksport qudratini oshirishga, pirovardida xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiluvchi bunday ulkan loyihalar bardavom etishiga ishonchimiz komil.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер