Oʻzbekistonda yetishtirilgan 1,5 tonna uzum ilk marotaba Malayziyaga yetkazib berildi

20:25 06 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
479 0

Oʻzbekistonda yetishtirilgan 1,5 tonna uzum ilk marotaba Malayziyaga yetkazib berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Oʻzbekistoning Malayziyadagi elchixonasi koʻmagida eksportga yoʻnaltirilgan mahsulot Toshkent va Fargʻona viloyatlari bogʻbonlari tomonidan yetishtirilgan.

Malayziya bozorida oʻzbek mahsulotlariga boʻlgan qiziqishni oshirish uchun yuklar samarali marketing harakati hisoblangan “Sweet Grapes from Uzbekistan” yorligʻi ostida qadoqlandi.

Mahsulot importchisi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining muntazam xaridori - “Deli Fruits Trading” kompaniyasi vakillarining aytishicha, bu yil Oʻzbekistondan Malayziyaga meva eksporti hajmi 2020-yilga nisbatan uch barobarga oshgan.

Oʻtgan yil kompaniya Malayziyaga faqat oʻzbek giloslarini import qilgan boʻlsa, joriy yil oʻzbek bogʻbonlari tomonidan yetishtirilgan uzumlarni olib kirish yoʻlga qoʻyildi. Logistikani hisobga olgan holda mahsulot tannarxi Oʻzbekistondagi oʻrtacha narxga nisbatan biroz yuqori boʻlishi mumkin, lekin shunga qaramay, “Deli Fruits Trading” kompaniyasi taʼm sifatlari tufayli Malayziyada oʻzbek mevalarini faol targʻib qilishdan manfaatdor.

“Deli Fruits Trading” kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, Malayziyaga Oʻzbekistondan eksport hajmining oshayotgani ushbu mamlakatda yuqori sifatli oʻzbek mahsulotlariga boʻlgan talabning oʻsib borayotgani bilan izohlanadi. Malayziya kompaniyasi, ayni paytda oʻzbek eksportchilari bilan anor yetkazib berish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 50,1 million dollarga yetdi (oʻtgan yil yakuni boʻyicha - 42,3 million dollar).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?