Oʻzbekistonda dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sogʻlom koʻngillilarda oʻtkazishga ruxsat berildi

01:07 23 Yanvar 2022 Jamiyat
931 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekistonda dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sogʻlom koʻngillilarda oʻtkazishga qaratilgan cheklov olib tashlandi. Shavkat Mirziyoyev “2022-2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

Prezident farmoni bilan farmatsevtika sohasida quyidagilar bekor qilindi:

donor qonini toʻplash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;

dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sogʻlom koʻngillilarda oʻtkazishga cheklov;

xalqaro brendlar asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda mavjud quvvatlardan toʻliq foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar.

Shuningdek, 2022-yil 1-apreldan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablagʻlari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini uch yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi. Bunda:

kafolatli xarid qilish shartnomalarini tuzish boʻyicha tanlovlar Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan birgalikda shakllantirilgan avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari (bunday nom boʻlmagan taqdirda, mansub dori vositalari guruh nomlari), tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar roʻyxati (keyingi oʻrinlarda – farmatsevtika mahsulotlari roʻyxati) doirasida amalga oshiriladi;

farmatsevtika mahsulotlari roʻyxati Davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining internet saytlarida joylashtiriladi hamda har yili yangilanib boriladi;

kafolatli xarid qilish shartnomalarini imzolash uchun gʻoliblar ochiq tanlovlar orqali aniqlanadi va Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu tanlovlarda davlat buyurtmachisi va benefitsiar mulkdori hisoblanadi;

Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tuzilayotgan kafolatli xarid qilish shartnomalar doirasida oldindan boʻnak toʻlovlarini oʻtkazishga ruxsat beriladi.

2025-yil 1-yanvarga qadar mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya jihozlari, ular uchun butlovchi qismlar va ehtiyot qismlar, “toza xonalar”, sendvich-panellar, farmatsevtika ishlab chiqarish obyektlarining ventilyatsiya tizimlari va boshqalar bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi.

Mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish komissiyasi tomonidan nazorat qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati cheklanmasligi aytilgandi. Shuningdek, oʻtgan yili tarqalishiga chek qoʻyilgan qalbaki dori mahsulotlari miqdori ochiqlangandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?