Oʻzbekistonda bolalar manfaatlari qanday himoya qilinmoqda? — ekspert bilan suhbat

12:11 01 Aprel 2021 Jamiyat
545 0

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning zamirida xalq manfaatlari yotadi. Davlatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Ayniqsa, ayollar va bolalar manfaatini himoya qilish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatlarga qilgan soʻnggi tashriflarida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuvi hamda ularga yaratilayotgan sharoitlar bilan yaqindan tanishuvi jamoatchilik tomonidan iliq qabul qilinyapti. Ushbu mavzu dolzarbligidan kelib chiqib, muxbirimiz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy ilmiy xodimi Anvar Xoʻjayev bilan suhbatlashdi. Unda hozirgi kunda mamlakatimizda bolalar, xususan, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari manfaatlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtildi.

— Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham boshqa bolalar singari hayotda oʻz oʻrnini topishga, ilm olib, oila qurib baxtli yashashga haqli. Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonda mehribonlik uylari va ularning tarbiyalanuvchilariga berilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida maʼlumot berib oʻtsangiz.

— Avvalambor shuni taʼkidlab oʻtishni istardimki, bolaga oʻz ota-onasi tomonidan beriladigan mehr, eʼtibor, tarbiyaning oʻrnini hech narsa toʻldira olmaydi. Afsuski, jamiyatimizda turli sabablarga koʻra ota-onasiz va boquvchisiz qolib ketayotgan farzandlar ham bor. Ushbu bolalarga oʻz vaqtida eʼtibor qaratilmasa, ularning jamiyatga moslashuviga sharoit yaratilmasa, bu salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu nuqtayi nazardan, murakkab sharoitga tushib qolgan bolalarni himoya qilish davlatning asosiy ijtimoiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar manfaatlarini himoya qilishda, ularning jahon andozalariga muvofiq bilim olishida, hayotda va jamiyatda oʻz oʻrnini topishida juda keng ishlar olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda, mamlakatda ijtimoiy yetimlikning oldini olish, aholi va yoshlar orasida sogʻlom oila qurishga masʼuliyat bilan yondashishni targʻib qilish, oilaviy qadriyatlarga maʼnaviy-axloqiy munosabatni shakllantirishga ham katta eʼtibor berilyapti.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori orqali yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, ularning jadal ijtimoiy moslashuviga keng imkoniyatlar yaratish va boshqa zarur choralar boʻyicha salmoqli ishlar qilinmoqda.

Xalq taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimizda 17 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasi mavjud boʻlib, ularda jami 1950 nafar yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bola tarbiya olmoqda.

Maʼlumot oʻrnida. Ushbu tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish va xavfsizligini taʼminlash maqsadida Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari hududlari hamda xonalariga jami 686 ta videokuzatuv kamerasi oʻrnatilgan. Shuningdek, ular qoʻshimcha telefon aloqasi xizmati bilan taʼminlangan hamda Internet tarmogʻiga ulangan.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining taʼlim-tarbiyasi va taʼminoti toʻliq davlat mablagʻlari hisobidan amalga oshirilmoqda. Ularning kundalik ehtiyojlaridan tortib, uy-joy bilan taʼminlanishigacha boʻlgan jarayonlarning mexanizmlari ishlab chiqilgan va davlat tomonidan doimiy nazorat qilinyapti. Ayni vaqtda, moddiy qoʻllab-quvvatlash bilan birga maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, fikrimcha, har qanday bolaning koʻngliga yoʻl topish va uni shaxs sifatida tarbiyalashning muhim omillaridandir.

Shu oʻrinda yetim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga berilgan imtiyozlarga toʻxtalib oʻtish joiz deb hisoblayman. Avvalo taʼkidlash lozimki, ularning taʼlim muassasalarida (akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarda, oliy oʻquv yurtlarida) taʼlim olishlari, shuningdek, davolash-sogʻlomlashtirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalar xizmatidan foydalanish bilan bogʻliq barcha sarf-xarajatlar davlat tomonidan toʻliq qoplanadi.

Jumladan, taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning shaxsiy xarajatlari uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida (490 ming soʻm) pul mablagʻlari ajratiladi. Bundan tashqari, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari pul nafaqalari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal va boshqa zarur buyumlar bilan ham taʼminlanadi.

Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etilishi taʼkidlandi.

Prezidentimizning “Hozirgi kunda mamlakatimizda alohida eʼtiborga muhtoj 18 yoshgacha boʻlgan 150 ming nafar farzandlarimiz bor. Ularning taʼlim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalinganlarini davolash, chin yetimlarga hayotda oʻz oʻrnini topishga yordam berish, uy-joy bilan taʼminlash — nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir” – degan soʻzlari mazkur masalaga eng yuqori darajadagi eʼtibordan darak beradi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yilda birinchi marta byudjetdan 900 nafar chin yetim yoshni uy-joy bilan taʼminlashga 50 milliard soʻm ajratilishi, bunday ezgu ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard soʻm yoʻnaltirish tashabbusi jamoatchilik tomonidan  keng qoʻllab-quvvatlandi.

Ushbu imtiyozlar va imkoniyatlar albatta farzandlarimizning kelajakda intellektual salohiyatli, har tomonlama sogʻlom va jamiyatimizga foydasi tegadigan insonlar boʻlib yetishida muhim ahamiyat kasb etadi, deb oʻylayman.

— Bilamizki soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlar bilan turli sohalarda keng hamkorlikni amalga oshirmoqda. Xususan, YUNICEF bilan ham bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida birgalikda tadqiqotlar olib borilmoqda. Umuman olganda mamlakatimizda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida xalqaro tashkilotlar bilan olib borilayotgan hamkorlik xususida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Maʼlumki, xalqaro hujjatlardan biri boʻlgan bolalar manfaatlarini aks ettiruvchi Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya 1989-yilda 20-noyabrda Nyu-York shahrida BMT bosh Assambleyasining qarori bilan qabul qilingan. Unga Oʻzbekiston 1992-yilda qoʻshildi. Ushbu konvensiya dunyoda eng koʻp davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan BMT bitimi hisoblanib, u butun jahon bolalari hayotini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda ham bola huquqlarini taʼminlashda qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bolalarni majburiy mehnatga jalb qilishga qarshi kurashish boʻyicha soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat rahbari, parlamenti va hukumati saʼy-harakatlari bilan mamlakatimizda bolalar mehnatiga toʻliq barham berildi. Amalga oshirilgan tegishli chora-tadbirlar natijasida 2018-yil AQSH Oʻzbekiston paxta mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlar roʻyxatidan chiqardi.

Xalqaro mehnat tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, hozirda dunyo boʻyicha ishlayotgan bolalar (5-17 yosh) soni 218 millionni tashkil etib, shulardan 152 millioni bugungi koʻrinishdagi quldorlik qurbonlari hisoblanadi, yana 73 millioni hayot uchun xavfli boʻlgan mehnat faoliyati bilan shugʻullanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va Bola huquqlari boʻyicha vakilning rolini yana-da kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan 2020-yil 29-maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari mamlakatimizda ushbu sohada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarni muayyan tartibga solib, zarur yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Shuningdek, YUNICEF, Bola huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman) va Oliy Majlis palatalari bilan birgalikda Oʻzbekistonda “Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, bolaning qonuniy vakillari va bolalarning oʻzlari toʻgʻridan-toʻgʻri Ombudsmanga murojaat qilish imkoniyatini yaratuvchi, ularning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha tavsiyalar berish maqsadida “Ishonch telefonlari”ni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

YUNICEF tashkiloti Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi va boshqa mutasaddi davlat tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkaziladigan tadqiqotlar natijalari asosida bolalar orasida mavjud muammolar aniqlanmoqda va ularning yechimlariga oid taklif va tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Xususan, YUNICEF hamda mutasaddi davlat tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Oziqlanish boʻyicha milliy tadqiqot”, “Oʻzbekistonda darsliklar tayyorlanishi, chop etilishi va qoʻllanilishi sohasini tartibga soluvchi siyosat tahlili”, “Pandemiya sharoitida 2020-2021 oʻquv yili: Oʻzbekistonda har bir bola uchun sifatli taʼlimni taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar”, “Ilk qadam”maktabgacha taʼlim muassasasining Davlat oʻquv dasturi», «Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan bolalar va kattalar ahvolining tahlili» kabi koʻplab tadqiqotlar natijalari doirasida bolalarning taʼlim olishi, sogʻligʻini muhofaza qilishga, ularning dunyoqarashiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillar aniqlanib tegishli tavsiyalar ishlab chiqilmoqda hamda amaliyotga tatbiq qilinmoqda.

— Maʼlumki, barcha jamiyatlarda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam mavjud va davlat ularni yetarlicha oʻz himoyasiga oladi. Shu maʼnoda mamlakatimizda ehtiyojmand oilalar farzandlarining ijtimoiy himoyasini, ayniqsa ularning sogʻligʻini taʼminlashda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Avvalambor taʼkidlash lozimki, har tomonlama sogʻlom jamiyat qurishni istasak ona va bola salomatligiga katta eʼtibor qaratishimiz shart. Shu maqsadda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ushbu masalaga alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatilishini, bu jarayon bilan 2021-yilda – 11 million nafar, 2022-yilda – 17 million nafar aholi qamrab olinishi va bu ishlarga 100 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishini taʼkidlab oʻtdi.

Bundan tashqari ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash orqali aholi oʻrtasida kamqonlik 25 foizga kamaytirilishiga alohida urgʻu berildi.

Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tugʻish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi boʻlganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi boʻlgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida aholining sogʻlom ovqatlanishi va jismoniy faolligini taʼminlashda davlat siyosatini yana-da mustahkamlash, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yana-da oshirish maqsadida 2021-yil 1-iyundan boshlab 6 — 23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan taʼminlash, 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni “A” vitamini bilan taʼminlash, 2 — 10 yoshdagi bolalar gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash belgilangan. Shuningdek, 2022-yil 1-iyuldan boshlab homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3 —15 yoshdagi bolalar yod preparati bilan, 35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollar temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlanadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, “Reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini yana-da kengaytirish toʻgʻrisida”gi qarori va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar ushbu sohada qilinishi kerak boʻlgan ishlar uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Shu bilan birga “Zamin” xalqaro jamoat fondi tomonidan 2020-yilning 1-iyunida eshitish qobiliyati zaif va kar bolalar ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchilari uchun koxlear implantlarni oʻrnatish boʻyicha har yili 30 ta jarrohlik amaliyotini oʻtkazishni nazarda tutuvchi dastur ishga tushirilganini eʼlon qildi. Dastur doirasida iyun-noyabr oylari davomida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning 200 nafar oʻquvchilariga kompleks tashxis koʻrigi oʻtkazildi. Eshitish qobiliyati zaif bolalar uchun taʼlimni rivojlantirish dasturi doirasida “Zamin” fondi ixtisoslashtirilgan maktablarni yordamchi uskunalar bilan jihozlash komponentini boshladi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga boshlangʻich sinflar uchun zarur jihozlarni taqdim etib kelmoqda.

Maʼlumot uchun. Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoj ayniqsa pandemiya davrida yana-da oshdi. Ushbu qiyin vaziyatda davlat rahbari tomonidan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini yoʻlga qoʻyish tashabbusini ilgari surildi. Ushbu umumxalq harakati doirasida fidoyi va olijanob vatandoshlarimizning faol ishtirokida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trillion soʻmdan ortiq moddiy yordam koʻrsatildi.

— Albatta Oʻzbekistonda har jabhada yuqori marralarni koʻzlab islohotlar olib borilmoqda va shu yoʻlda uchrayotgan ayrim qiyinchiliklarni yengib oʻtishga jiddiy harakat qilinmoqda. Shu oʻrinda hozirgi kunda bolalar manfaatlarini himoya qilish sohasida qanday muammolarni bartaraf etish choralari koʻrilyapti?

— Har qanday muammoni ijobiy hal qilishni istasak, avvalo ushbu muammoni keltirib chiqarayotgan omillarni, shart-sharoitlarni aniqlashimiz lozim boʻladi. Bu esa tegishli mavzularda ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazishni, ularning natijalarini tahlil qilish asosida dolzarb xulosa va takliflarni ishlab chiqishni talab etadi. Yaʼni, azaldan bolajon boʻlib kelgan jamiyatimizda nega bolalar himoyasi zarurat darajasiga koʻtarildi? Qanday omillar va shart-sharoitlar bolalarning har tomonlama kamol topishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin? Shunga oʻxshash qator savollarga javob topish vaziyatga toʻgʻri baho berishga yordam beradi.

Bu borada avvalambor eʼtiborni talab qiladigan muammolar dunyoda jadal rivojlanib borayotgan globallashuv sharoitida yangi toʻqnashuv va tahdid turlarining yuzaga kelayotgani bilan bogʻliq. Global axborot maydonida gibrid xarakterga ega xavf-xatarlarning kuchayayotgani, biologik va kimyoviy qurollardan, shu jumladan bolalar ishtirokida foydalanish faktlarining koʻpayayotgani shunday muammolar jumlasidan deyish mumkin. Afsuski, bunda aksariyat hollarda bolalar toʻqnashuvlarning ishtirokchisiga, taʼbir joiz boʻlsa, nishoniga aylanib qolmoqda. Yosh avlod ongiga zararli taʼsir qiluvchi buzgʻunchi chaqiriqlar kuchaymoqda. Shu bois bolalarimizning maʼnaviy ongini mustahkamlash, “oq” va “qora”ni ajratishni oʻrgatish, har qanday axborotni tahlil qilib, undan toʻgʻri foydalana olish koʻnikmasini shakllantirish hozirda eng asosiy vazifalardan biridir.

Mening fikrimcha quyidagi ijtimoiy xarakterga ega muammolar bolalarimizning ruhiyatiga, maʼnaviyatiga va tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda:

- birinchidan, garchi oilaviy ajrimlar soni kamayayotgan boʻlsada, bunday muammo natijasida bolalar eng koʻp aziyat chekayotganini qayd etish lozim.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2019-yilda Oʻzbekistonda 31,3 mingta oilalar ajrashgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2020-yilda 28,2 mingtani tashkil qilgan.

Oilaviy ajrimlarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar, OAV orqali targʻibotlar albatta ajrimlar sonini kamayishiga taʼsir qilmoqda. Lekin oilaviy ajrimlar, oiladagi zoʻravonliklar masalasi bugungi kunda dolzarbligicha qolmoqda va bu yana-da taʼsirchan mexanizmlar ishlab chiqishni taqozo qilmoqda. Psixologlarning fikricha, oilaviy ajrimlar natijasida farzand chin yoki yarim yetimga aylanib qolishi bola uchun eng katta fojeadir;

– ikkinchidan, taʼlim tizimidagi ayrim kamchiliklar. Tan olish kerakki hozirgi kunda maktabgacha taʼlimda, maktablarda va oliy taʼlim tizimida huquqiy, tashkiliy va intellektual jihatdan ijobiy oʻzgarishlar qilinayotgan boʻlsada, yuqori malakali kadrlar yetishmasligi bilan bogʻliq muammolar, korrupsiyaviy holatlarning uchrab turishi, raqobatbardosh taʼlim standartlarini joriy qilishdagi yoʻqotilgan yillar oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatib turibdi;

– uchinchidan, oilada ota-onaning bola tarbiyasiga yetarlicha eʼtibor bermayotgani ham bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri deyish mumkin. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish esa, avvalo, ota-onalar orasida ishsizlikning kuchayishiga, oilada maʼnaviy immunitetning zaiflashuviga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish lozim.

Maʼnaviyatning hayotimizda tutgan muhim oʻrni esa Prezidentimizning quyidagi fikrlarida aniq va ravshan koʻrsatib etilgan: “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatdir”.

Umuman olganda, biz oʻz kelajagimizni yosh avlodga toʻgʻri taʼlim-tarbiya, eʼtibor berish, ularning iqtidorini ragʻbatlantirish orqali qurishimiz mumkin va lozim. Bunda nafaqat davlatning oʻrni, balki har bir ota-ona va fuqaroning ishtiroki ham oʻta muhim ahamiyatga ega.

— Mazmunli suhbat uchun rahmat.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?