Oʻzbekistonda antikorrupsiya laboratoriyalari tashkil etilmoqda

11:03 04 Dekabr 2020 Siyosat
819 0

Oʻzbekistonda ilk bor antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil etish boʻyicha loyiha ishga tushirilmoqda. Ushbu tashabbus “Yuksalish” umummilliy harakati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) xalqaro nodavlat tashkiloti koʻmagida amalga oshirilmoqda. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar berdi.

Antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil etish boʻyicha loyiha taqdimoti joriy yilning 2-dekabr kuni Oʻzbekistonda antikorrupsiya haftaligi doirasida oʻtkazilgan “Davlat xizmatchilari faoliyatida “halollik vaksinasi”ni joriy etish masalalari” mavzusidagi xalqaro onlayn-seminar davomida taqdimot qilindi.

Loyiha sakkiz bosqichda olib boriladigan yirik antikorrupsion tadqiqotlarni oʻz ichiga oladi. Yakuniy maqsad — taʼlimning barcha bosqichlarida, yaʼni maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimgacha imkon qadar koʻproq korrupsiya holatlarining toʻliq manzarasini hosil qilish.

Maʼlumot uchun: BMT maʼlumotiga koʻra, korrupsiya jahon iqtisodiyotiga global YAIMning 5 foizida zarar keltiradi, har yili dunyo boʻyicha pora miqdori 1 trln dollarni tashkil etadi. Yevropa hamda Markaziy Osiyoda har uchinchi fuqaro korrupsiya ularning jamiyatlari oldida turgan jiddiy muammo deb hisoblaydi. Oʻzbekistonda korrupsiya nafaqat uncha yuqori boʻlmagan taʼlim sifatini pasaytiradi, balki OTMlarning xalqaro reytinglardagi oʻrniga ham salbiy taʼsir qiladi.

Taʼlim aksariyat fuqarolar hayoti davomida u yoki bu holatda tutashadigan sohalardan biridir. Ota-onalar bolalarini eng yaxshi maktabda sifatli taʼlim olishlarini taʼminlashga intiladi, biroq yaxshi maktablar hamma xohlovchilarga ham yetmaydi. Taʼlim tizimi — ijtimoiy tarmoqlarda koʻp muhokama qilinadigan mavzulardan biri. Aynan shuning uchun antikorrupsiya laboratoriyalarini tashkil qilish loyihasining tayanch nuqtasi sifatida ushbu soha tanlab olindi.

Jumladan, tadqiqotning birinchi bosqichida taʼlim tizimining zaif tomonlarini, xususan, bolalarning maktabga qadam qoʻyish bosqichida ehtimoliy va mavjud korrupsion xatarlarni aniqlashga chaqiriladi. Nega bir maktabda joy toʻlmagan, boshqalarida esa oʻquvchilar bir necha smenada oʻqiydi? Odamlarni korrupsiya harakatlarini sodir etishga nima undaydi? Korrupsiya zanjiri qayerda boshlanadiyu qayerda tugaydi? Vaziyatni oʻzgartirish uchun nima qilish kerak? Ushbu savollarga javob topish uchun laboratoriya ekspertlari xalqaro tajribani hisobga olgan, turli vositalardan foydalangan holda, respublikadagi maktablardan toʻplangan maʼlumotlarni keng jamoatchilik, koʻngillilar ishtirokida tahlil qiladi.

Korrupsiya xatarlari oʻtkaziladigan soʻrov natijalari, statistik maʼlumotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va moliyaviy nazorat organlari, shuningdek, mobil dasturlar orqali yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari asosida baholanadi. Maʼlumotlarni toʻplash va korrupsiya xatarlari tahlili doimiy ravishda oʻtkaziladi, tegishli choralar esa har uch oyda ishlab chiqiladi.

Jamlangan maʼlumotlar natijalari asosida ushbu tajribani taʼlimning boshqa yoʻnalishlarida qoʻllash rejalashtirilgan. Bunda oʻqituvchilarni ishga qabul qilishda, dars soatlari, sinf rahbarligini taqsimlashda, maktab va sinf fondiga pul yigʻishda, umumiy taʼlim sohasida davlat xaridlari, abituriyentlarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda, oʻqituvchi va talaba oʻrtasida poraxoʻrlik kabi dolzarb muammolar inobatga olinadi.

Toʻplangan, tahlil qilingan va umumlashtirilgan maʼlumotlar korrupsiya xatarlari boʻyicha keng qamrovli hisobot koʻrinishida taʼlim tizimida shaffoflikni taʼminlash va mutanosib tavsiyalar bilan taqdim etiladi. Shuningdek, bu kabi laboratoriyalar sogʻliqni saqlash va qurilish kabi boshqa sohalardagi muammolarga yechim topish uchun ham tashkil etilishi kutilmoqda.

“Yuksalish” umummilliy harakati keng jamoatchilik hamda OAVlarni korrupsiya holatlarini aniqlashda, tadqiqot natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlarni monitoring qilishda, volontyorlarni soʻrovlar oʻtkazishda faol ishtirok etishga chaqiradi.

Maʼlumot uchun: Oʻzbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish haftaligi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, muayyan vazirliklar, idoralar va xalqaro tashkilotlar tomonidan oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?