Oʻzbekistonda aholining koronavirus boʻyicha epidemik vaziyatdan xavotirlanishiga asosi bormi?

15:25 23 Yanvar 2020 Jamiyat
7978 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bugungi kunda dolzarb boʻlib turgan koronavirus hamda gripp kasalliklariga bagʻishlab oʻtkazilgan matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi Uxan shahrida yuzaga kelgan koronavirusning yangi tipi epidemiyasi yuzasidan batafsil maʼlumot berildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Joriy yil 23-yanvar tonggi holatidagi maʼlumotlarga koʻra, Xitoyda 600 dan ziyod holatda koronavirus kasalligi aniqlangan. Ushbu xastalikdan 17 nafar inson vafot etgan. Ushbu holat yuzasidan 22-yanvar kuni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan favqulodda yigʻilishda mutaxassislar xalqaro favqulodda holat eʼlon qilishdan oldin avj olgan kasallik haqida koʻproq maʼlumot olishlari kerakligi toʻgʻrisida qarorga kelishgan. JSST rasmiylari uchrashuvni payshanba kuni, Xitoy hukumati taklifiga binoan Uxanga bir qator Osiyo mamlakatlaridan kelgan shifokorlardan maʼlumot olganidan soʻng davom ettirishga qaror qilishgan.

JSST rahbari Tedros Gebreyesus vahima koʻtarishga hech qanday sabab yoʻqligini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, Xitoyning Uxan shahrida samarali karantin boʻyicha koʻrayotgan juda qatʼiy choralari epidemiyaning mamlakatda avj olishning oldini olishga hamda uning tarqalish ehtimolini kamaytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, Yevropa sogʻliqni saqlash idoralari ushbu virusning tarqalish xavfini “oʻrtacha” deb baholashmoqda. Shu bilan birga, JSST koronavirus xavfining oldini olish boʻyicha oʻz tavsiyalarini ham bergan.

Xitoyda koronavirus boʻyicha epidemik vaziyat murakkablashishi sababli mamlakatimizda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Uzbekistan Airports” AJ hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari”AJ Tibbiy-sanitariya xizmati tomonidan davlat chegarasini, ayniqsa, Xitoyni kesib oʻtgan shaxslarning yuqori sifatli tibbiy monitoringini amalga oshirish choralari koʻrilmoqda. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” hamda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJ tizimidagi faoliyat yuritayotgan xodimlari ishtirokida epidemik vaziyat va uning oldini olish yuzasidan seminarlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti intensiv terapiya boʻlimida koronavirusga gumon qilingan bemorlarni qabul qilish uchun maxsus boks tayyorlab qoʻyildi. Respublikadagi aeroport va temir vokzallari sanitariya karantin punktlarida ushbu kasallikka gumon qilingan bemor aniqlansa, uni darhol izolyatorga izolyatsiya qilish, koronavirusga laborator tahlilini oʻtkazish uchun namuna olish tartibi belgilab qoʻyilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan koronavirus infeksiyasining yangi turini yurtimiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Koronavirusning yangi turi (nCoV) qarshi olib boriladigan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni tashkil etish hamda amalga oshirish toʻgʻrisidagi metodik uslubiy qoʻllanma ham tayyorlangan.

Anjumanda koronavirus kasalligining oldini olish boʻyicha olib borilayotgan ishlar Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan qatʼiy nazoratga olingani, Xitoydagi koronavirus boʻyicha epidemik vaziyatdan yurtimiz aholisining xavotirlanishiga asos yoʻqligi taʼkidlandi.

Shuningdek, anjumanda, gripp va oʻtkir yuqumli respirator kasalliklarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham toʻxtalib oʻtildi. Taʼkidlanganidek, ayni paytda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari bosh vrachlari tomonidan gripp va oʻtkir yuqumli respirator kasalliklarining oldini olish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda. Yurtimizdagi barcha shifoxonalar yetarli darajada tibbiy-asbob uskunalar, dori-darmonlar hamda tibbiyot xodimlari bilan taʼminlangan. Ushbu jarayonda, ayniqsa, bolalarni gripp va oʻtkir yuqumli respirator kasalliklaridan himoyalashga jiddiy ahamiyat berilmoqda.

Birgina Toshkent shahri misolida oladigan boʻlsak, 2020-yil 1-yanvar holatiga koʻra, beshta bolalar klinik shifoxonasi va 4-son shahar klinik shifoxonasidagi bolalar boʻlimi xizmat koʻrsatmoqda. Ayni paytda shahar shifoxonalaridagi mavjud 1267 ta oʻrin yuqori yuklama bilan ishlamoqda. Bunga sabab, qish kunlarida bolalar oʻrtasida mavsumiy oʻtkir respirator kasalliklarini vaqtinchalik koʻpayishi. Shuningdek, shu kunlarda Investitsiya dasturiga asosan poytaxtimizdagi 3-son bolalar shifoxonasida taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu vaziyatni hisobga olgan holda soʻnggi uch kun ichida shahardagi boshqa tibbiyot muassasalarida qoʻshimcha 150 ta oʻrinlar tashkil etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?