Oʻzbekistonda advokatlar soni yetarli emas — deputat

10:41 12 Fevral 2021 Jamiyat
494 0

Maʼlumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzolari hududlarda boʻlib, advokatura institutining faoliyatini tahliliy oʻrgandilar.

Mazkur jarayonda advokatura hanuzgacha odamlar ishonchini qozongan huquqni himoya qiluvchi institutga aylana olmagani, advokatlarning huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilayotgan va ular tomonidan sifatli yuridik yordam koʻrsatilishiga xalaqit berayotgan qator omillar mavjudligi aniqlandi.

Birinchidan, mamlakatda advokatlar soni yetarli emas (Oʻzbekistonning 34 milliondan ortiq aholisiga bor yoʻgʻi 4 ming nafar advokat toʻgʻri kelmoqda). Natijada, fuqarolarning yuridik yordam olishga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondirilmayapti, sudlarda ishlarni yuritishda tortishuv prinsipi amalda taʼminlanishi cheklanmoqda.

Ikkinchidan, advokaturaning chinakam mustaqilligi toʻliq taʼminlanmagan.

Uchinchidan, advokatlik kasbiga qabul qilinish ustidan davlat nazorati mexanizmi hanuzgacha saqlanib kelinyapti;

Toʻrtinchidan, Advokatlar palatasining advokatlar huquqlarini himoya qilishda yetarlicha huquqiy vositalarga ega emasligi kabi holatlar mavjud.

Bu masalada Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasiga fuqarolardan ham advokatura faoliyatiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish masalasida kelayotgan takliflar oʻrganib tahlil qilib borilmoqda. Xususan, Toshkent viloyati Toshkent tumanida yashovchi fuqaro M.Gilmanova tomonidan “Advokatura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga quyidagi oʻzgartirishlar kiritilishini taklif etgan.

Qonunning 3-moddasida oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan va advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasida advokat boʻlishi mumkinligi belgilangan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar bu faoliyat turi bilan shugʻullanishi belgilanmasdan qolganligini maʼlum qilib, ushbu moddani “oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan va advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani belgilangan tartibda olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi va doimiy yashash guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida advokat boʻlishi mumkin” soʻzlariga almashtirish, shuningdek qonunning 16-moddasidagi “advokat Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda” degan normani chiqarib tashlash kerakligi toʻgʻrisidagi taklifni bergan.

Taʼkidlash joiz, Prezidentimizning 2020-yil 22-iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 10-bandiga asosan, 2021-yilda “Advokatura va advokatlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilishi belgilangan. Shu bois, kelib tushayotgan takliflar qoʻmita tomonidan oʻrganib chiqilib, Adliya vazirligiga yuborilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi “Advokatura va advokatlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga aholidan kelib tushayotgan murojaat va takliflar hamda amalga oshirilgan oʻrganishlar asosida qonun loyihasining konsepsiyasiga oʻz takliflarini berib bormoqda. Bu kabi omillar, albatta, qonunning pishiq-puxta boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Avaz OʻRINBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq
masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?