Oʻzbekistonda 31 mingga yaqin koʻp qavatli uylarning fasad qismi renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga oʻtkaziladi

21:49 23 Yanvar 2023 Siyosat
632 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan ayni paytda Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida mamlakatimizda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlmoqda.

Yigʻilishda bugungi kunda respublika boʻyicha jami 40 mingta koʻp qavatli uy-joy mavjud boʻlsa, shundan 31 mingga yaqini 1991-yilgacha qurilgani maʼlum qilindi.

Shu bois, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Zakirov, Xidoyatov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu 31 mingta uylarning fasad qismini renovatsiya asosida bosqichma-bosqich bazalt qoplamaga oʻtkazish hamda muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda issiq suv va elektr bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi dastur loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Zakirov) endilikda yangidan quriladigan koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarining loyiha-smeta hujjatlariga energiya samaradorlik darajasi yuqori boʻlgan qurilish materiallari va jihozlardan foydalanishni majburiy tartibda kiritishi topshirildi.

Bu borada energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni koʻpaytirishga ham eʼtibor qaratishimiz kerakligi qayd etildi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda respublikamizda jami 13,2 ming tonna bazalt xom ashyosi ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yillik ehtiyoj (5 mln m kv yoki 36 ming tonna) 30 foizini ham tashkil etmaydi.

Shu bois, Oʻzsanoatqurilishbank (Annaklichev) «Oʻzsanoqurilishmateriallari» uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda bazalt xom-ashyosi ishlab chiqarish loyihalarini koʻpaytirish boʻyicha alohida dastur tayyorlab, yil yakuniga qadar kamida 5 ming tonnalik quvvat yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

«Oʻzeltexsanot» uyushmasi (Yunusov) ham ikki oy muddatda transformatorlar, kabellar, quyosh panellari va suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish boʻyicha alohida dastur tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер