Oʻzbekistonda 2021-yil 6 oyida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni oʻtgan yilga nisbatan 111,9 foizga ortgan — Ichki ishlar vaziri

14:03 30 Iyul 2021 Jamiyat
210 0

Bu haqda Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisida maʼlum qilindi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Maʼlumki, 2021-yil 12-martda Ichki ishlar vazirining 2020-yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti yuzasidan Oliy Majlis Senatining Qarori qabul qilingan edi.

Mazkur Qarordagi barcha topshiriqlar muddatida bajarilishi taʼminlangan va bu haqda Ichki ishlar vazirligi tomonidan axborot kiritildi.

Taʼkidlanganidek, 2021-yil 6 oyi mobaynida respublikada jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash borasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, 2021-yil 6 oyda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 1 833 nafar shaxs ushlangan. Bedarak yoʻqolgan 218 nafar shaxs topilgan. Ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan mazkur davrda 15 434 ta jinoyat aniqlangan.

Qayd etish lozimki, ichki ishlar organlari xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 71,4 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Biroq oʻtkazilgan oʻrganishlar huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar yetarli darajada olib borilmaganligi ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatdi.

Xususan, 2021-yil 6 oyida respublika miqyosida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 45 630 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga oʻrtacha 132 tadan toʻgʻri kelgan. Oʻtgan yilga nisbatan 111,9 foizga ortgan.

Ushbu koʻrsatkich Toshkent shahriga 383,3 tadan, Fargʻona viloyatiga 223,4 tadan, Toshkent viloyatiga 168,4 tadan, Sirdaryo viloyatiga 151,4 tadan toʻgʻri kelib, respublika miqyosida salbiy koʻrsatkich qayd etilgan.

Oldi olinishi mumkin boʻlgan 217 ta qotillik, 4 137 ta tan jarohati yetkazish, 135 ta bosqinchilik, 1 100 ta bezorilik, 7 618 ta oʻgʻrilik, 9 439 ta firibgarlik jinoyati sodir etilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Bundan tashqari, 6 mingga yaqin (5 837 nafar), ayniqsa, Andijon (1130), Toshkent (709), Fargʻona (602) viloyatlari va Toshkent shahrida (595) ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilib, joylarda aholining bandligini taʼminlash ishlari samarasiz tashkil etilganligidan dalolat beradi.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning oʻz vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2021-yil 6 oyida oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan jinoyatlarning 77 tasi qotillik, 798 tasi tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq jinoyatlardir.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga oʻz vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 9 575 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, yaʼni 70 foizi Toshkent shahar, Toshkent, Fargʻona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 2021-yilning birinchi yarim yilligida 3 236 nafar xotin-qiz tomonidan 1 163 ta jinoyat sodir etilgan.

Yoshlar bilan ishlashda hanuz koʻplab muammolar saqlanib qolayotganligi, ularni bartaraf etishga yetarli darajada eʼtibor qaratilmaganligi oqibatida 2021-yilning 6 oyida sodir etilgan jami jinoyatlarning 7 849 tasi aynan yoshlar tomonidan sodir etilgan. Jinoyatga qoʻl urgan yoshlarning 3180 nafarining bandligi taʼminlanmagan, taʼlim bilan qamrab olinmagan yoshlar tashkil etgan.

Bundan tashqari, respublika hududida sodir etilgan yoʻl transport hodisalarining oldini olish ishlari ham toʻgʻri tashkil etilmagan. Mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bogʻliq muammolar mavjud.

Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Yoʻl harakati qoidalarini ham takomillashtirish taqozo etiladi. Mazkur qoidalardagi baʼzi bandlarning oʻrni almashtirib yuborilgani oqibatida tegishli bandlardagi havolalar mutlaqo boshqa bandlarga taalluqli boʻlib qolmoqda. Yoʻl harakati qoidalari 2015-yilda tasdiqlangan boʻlsa-da, haydovchilar va haydovchilikka nomzodlardan imtihon olish Davlat test markazining 2011-yil 29-iyuldagi qaroriga asosan ishlab chiqilgan va Ichki ishlar vazirining 2011-yil 23-fevraldagi buyrugʻi bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq qabul qilinmoqda. Test savollari imtihon biletlaridagi yoʻl harakati qoidalariga zid yoki maʼnaviy, texnik eskirgan.

Haydovchilar va haydovchilikka nomzodlardan amaliy imtihon olish uchun yaratilgan sharoitlar ham talabga javob bermaydi. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-dekabrdagi 990-sonli qarorida belgilangan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda zamonaviy oʻquv avtodromlarini qurish vazifasi shu kunga qadar bironta hududda bajarilmagan. Buning natijasida esa sifatsiz taʼlim olgan haydovchilar tomonidan yoʻl-transport hodisalari sodir etilmoqda.

Bundan tashqari, avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli Respublika boʻyicha 2021-yilning oʻtgan 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin, 2020-yilga nisbatan 40,8 foizga koʻp yoʻl harakati qoidabuzarligi sodir etilgan. Natijada 3754 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3170 nafar fuqaro jarohatlangan va 954 nafar fuqaro halok boʻlgan. Eng achinarlisi, ushbu YTXHlarda 458 nafar bola jarohatlangan va 104 nafar voyaga yetmagan bola halok boʻlgan.

Ushbu raqamlarni 2020-yilning olti oyi bilan solishtiradigan boʻlsak, jami yoʻl-transport xodisalar soni 57,2 foizga, ulardan halok boʻlganlar 30,5 foizga, jarohatlanganlar esa 38,1 foizga ortib ketgan.

Bolalar bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari esa 2020-yilning olti oyiga nisbatan 40,8 foiz, jarohatlanganlar 44,9 foiz, halok boʻlganlar esa 33,3 foizga ortib ketgan.

Bundan tashqari, yoʻl-patrul xizmati xodimlarining yoʻl harakati qatnashchilari bilan oʻzaro munosabatlari ham talab darajasida emas. Ayrim xodimlarning esa bilim saviyasi va huquqiy madaniyati bugungi kun talablariga javob bermaydi. Oqibatda, fuqarolarning jiddiy eʼtirozlari kun sayin ortib bormoqda.

Majlisda senatorlar tomonidan aholi oʻrtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Mazkur masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?