Oʻzbekiston — Janubiy Koreya hukumatlararo qoʻmitasi majlisi

19:08 04 Mart 2019 Jamiyat
1381 0

Foto: OʻzA.

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 4 mart kuni Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston — Janubiy Koreya hukumatlararo qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda ikki mamlakatning tashqi savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, energetika, neft-gaz, mashinasozlik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat sanoati, toʻqimachilik, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, qishloq va suv xoʻjaligi, fan-taʼlim, tibbiyot, turizm kabi sohalar uchun masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Elyor Gʻaniyev, Koreya Respublikasining savdo, sanoat va energetika vaziri Sung Yun Mo va boshqalar mamlakatlarimiz munosabatlari koʻplab yoʻnalishlarda izchil rivojlanib borayotgani, bunda qator sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻrnatilgan samarali hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston bilan Koreya Respublikasini tarixiy munosabatlar, ishonch ruhidagi doʻstlik va strategik sheriklik bogʻlab turadi.

Koreya Respublikasi Oʻzbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va tarkibiy oʻzgartirish, elektron hukumat tizimini joriy etish, energetika, kimyo, avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan yuqori texnologik loyihalarni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etmoqda. Oʻzbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, qulay joʻgʻrofiy joylashuvi, sarmoya jalb etish boʻyicha ishonchli strategiyasi koʻplab davlatlar qatori Janubiy Koreya ishbilarmonlarini ham qiziqtirib kelmoqda. Ushbu davlatning Markaziy Osiyo bilan oʻzaro savdo aylanmasi hajmining yarmidan ortigʻi Oʻzbekiston hissasiga toʻgʻri kelishi ham bunga misoldir.

Mamlakatimizda hamkor davlatning 70 dan ortiq kompaniyasi vakolatxonalari bor. Iqtisodiyot tarmoqlarida Koreya investitsiyasi ishtirokidagi 630 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. 2018 yilda 150 dan ortiq ana shunday korxona tashkil etildi. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSH dollaridan ziyodni tashkil etdi. Bu 2017 yilga nisbatan 57 foiz koʻp.

Oʻzbekiston Prezidenti Farmoni bilan Koreya Respublikasi fuqarolari uchun viza tartibida yengillik berildi. Bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Majlisda taʼkidlanganidek, mamlakatlarimiz hamkorligini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyat yetarli. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi chogʻida erishilgan uzoq muddatli kelishuvlarni toʻla roʻyobga chiqarish Oʻzbekiston — Janubiy Koreya savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik kengayib bormoqda. Oʻzbekistonda biznes yuritish uchun keng sharoit yaratilgani, iqtisodiyotni liberallashtirish, valyuta siyosati, bojxona toʻlovlarini qisqartirish boʻyicha qonunchilik bazasi takomillashtirilayotgani investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda.

Tadbirda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning mamlakatimizga tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Oʻzaro hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, ishbilarmon doiralar muloqotini ragʻbatlantirish, hududlararo delegatsiyalar almashinuvlarini qoʻllab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.

Majlisda ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida qabul qilingan shartnomalar doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi. Ularni samarali roʻyobga chiqarishga qaratilgan qoʻshma markazlar tashkil etish kerakligi taʼkidlandi. 

— Mamlakatlarimiz yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha boy tajribaga ega, — deydi Koreya Respublikasi Energiya boshqaruvi korporatsiyasi ijrochi direktori Go Je Yong. — Korxonamiz Oʻzbekistonda GESlarni modernizatsiya qilish, sohaga yuqori texnologik ishlanmalarni joriy etish boʻyicha hamkorlik qilish niyatida. Muloqot doirasida hamkorlar bilan ushbu yoʻnalishdagi masalalar haqida fikrlashib oldik.

Anjumanda Oʻzbekistonda yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beradigan temir yoʻllar qurish, ekologik toza avtomobillar ishlab chiqarish, turizm, aqlli shahar infratuzilmalarini yaratish loyihalari, eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va boshqa masalalar muhokama etildi.

Tadbir doirasida Koreya Respublikasi Savdoni rivojlantirish agentligining Toshkent biznesni qoʻllab-quvvatlash markazi ochilishi boʻlib oʻtdi. Hamkor mamlakatning Savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan tashkil etilgan tuzilma dunyoning Dubay, San-Paulu, Moskva, Yohannesburg, Xanoy kabi shaharlarida mavjud. Markazning asosiy vazifasi — mamlakatda infratuzilmani rivojlantirish, biznesni qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyotni taraqqiy ettirishdan iborat.

Manba: uza.uz

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?