Oʻzbekiston jamoalari “ArMI-2021” VII Xalqaro armiya oʻyinlarida tarixiy natijalar qayd etdi

13:46 09 Sentyabr 2021 Jamiyat
332 0

Foto: Hasan PAYDOYEV (“Xalq soʻzi”)

Bu haqda bugun AOKAda boʻlib oʻtgan anjumanda batafsil maʼlumot berildi.

Unda Mudofaa vazirligi bosh boshqarma boshligʻi Rahmatillo Rahmonov, Toshkent harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining birinchi oʻrinbosari Shokir Hayitov, Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi harbiy tibbiyot fakulteti kafedra boshligʻi Nosir Fozilov, Mudofaa vazirligi xizmat boshligʻi Ulugʻbek Joʻrayev, mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Baxrom Zulfiqorov ishtirok etdi.

Matbuot anjumanidan asosiy maʼlumotlar:

Soʻnggi besh yil davomida mamlakatimizning mudofaa va xavfsizlik sohasida amalga oshirilgan oʻzgarishlar Qurolli Kuchlarimiz rivojining yangi davrini boshlab berdi, yaʼni milliy armiyamiz uchun tub burilish va yangilanishlar davri boʻldi. Davlatimiz tomonidan qoʻshinlarimizni har tomonlama rivojlantirish, jangovar salohiyatini yanada oshirish boʻyicha qator islohotlar amalga oshirildi. Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qoʻmondoni tashabbusi bilan jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifatli oʻtkazish hamda yurt himoyachilariga munosib xizmat sharoitlarini yaratish maqsadida harbiy-maʼmuriy sektorlar bilan hamkorlikda barcha poligon va harbiy shaharchalar xalqaro talablarga mos ravishda yangidan barpo etildi.

Bu esa Yangi Oʻzbekistonda tinchlik va osoyishtalik, barqaror taraqqiyotni taʼminlash vazifasini bajaradigan milliy armiyamizning yanada rivojlanishiga, kuch-qudrati va salohiyati ortishiga xizmat qilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, yuksak kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan harbiy xizmatchilarimiz Oʻzbekiston armiyasi xalqaro poligon va maydonlarda oʻzlarining nelarga qodir ekanliklarini amalda namoyon etmoqdalar.

Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz joriy yilning 22-avgust kunidan 4-sentyabriga qadar yilning eng nufuzli harbiy musobaqalaridan biri boʻlgan “ArMI–2021” Xalqaro armiya oʻyinlarida ishtirok etgan milliy armiyamiz oʻgʻlonlari jonajon yurtimizning qudrati va salohiyatini yana bir bor, toʻla-toʻkis koʻrsata oldilar.

Dunyoning 11 ta davlati hududida oʻtkazilgan “ArMI–2021” musobaqalarida 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi, 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilar oʻzaro kuch sinashdi. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yoʻnalishi boʻyicha munosib ishtirok etishdi hamda bellashuvlar davomida 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyin faxrli 2-oʻrinni egallashdi. Yaʼni, VII Xalqaro armiya oʻyinlarini Oʻzbekiston jamoalari tarixiy natija bilan yakunlashdi.

Musobaqalar yakunlari boʻyicha “Sodiq doʻst” erkaklar jamoasi, “Sodiq doʻst” ayollar jamoasi, “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” jamoalari – oltin medal, «Elbrus xalqasi», “Merganlik marrasi”, “Otliq marafon”, “Qurolsoz usta”, “Xavfsiz muhit”, “Muhandislik formulasi”, “Xavfsiz marshrut”, “Qutb yulduzi”, “Qoʻshinlar razvedka aʼlochisi” jamoalari kumush medal hamda «Avtozirhli tank-texnika ustasi», “Ishonchli qabul”, “Yoʻl patruli”, «Sayan yurishi» jamoalari bronza medalini qoʻlga kiritishdi.

Musobaqalar davomida jami 37 ta rekord natija qayd etilgan boʻlib, shundan 10 tasi Oʻzbekiston Respublikasi jamoalari hisobiga yozildi. Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston respublikalari hisobida esa 2 tadan rekord qayd etilgan.

Harbiy xizmatchilarimizning bugun bu kabi yutuqlari milliy armiyamizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samarasidir. Xalqaro maydonda yurt shaʼnini munosib himoya qilib, mamlakatimiz bayrogʻini baland koʻtargan oʻgʻlonlarimiz bildirilgan ishonchni toʻla oqlashdi. Ular erishgan bu yutuq chinakam tarixiy natijadir. Rekordlar ketma-ketligi, medallar shodasi istiqlolimizning 30 yilligiga munosib tuhfa boʻldi.

Hasan PAYDOYEV (“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?