Oʻzbekiston zamonamizning dolzarb muammosiga aylangan suv masalasiga befarq emas

13:31 25 Mart 2023 Siyosat
760 0

Arxiv surat

BMT maʼlumotiga koʻra, hozir dunyo miqyosida 2 milliard kishi toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi, 3,6 milliard inson xavfsiz sanitariya sharoitiga ega emas.

Bu haqda 22 — 24-mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari boʻyicha konferensiyasida maʼlum qilindi.

Unda 2030-yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlari yoʻlida obihayot orqali dunyoni birlashtirish, sayyoramiz farovonligida dengiz va okeanlarning ahamiyati, bu boradagi global tashabbuslar BMTga aʼzo barcha mamlakatlar, ixtisoslashtirilgan idoralar tomonidan nufuzli spikerlar ishtirokida koʻrib chiqildi. Bu bejiz emas. Zero, soʻnggi 40 yil ichida suv isteʼmoli har yili qariyb 1 foiz koʻpayadi va oʻsishda davom etadi, deyishyapti tashkilot ekspertlari. 2030-yilga borib aholining toza va oqova suv bilan taʼminlanishini qoʻllab-quvvatlash uchun BMTga har yili 600 milliarddan 1 trillion dollargacha mablagʻ zarur boʻladi.

Chindanam, suv resurslari muammosi bugun har bir mamlakat, har bir alohida olingan shaxsga taalluqli masalaga aylanib bormoqda. Sayyoramizda aholi sonining muttasil koʻpayayotgani, iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqatga boʻlgan talabning oshib borayotgani ham obihayotning qadri nechogʻli ahamiyatga ega ekanligini namoyish etyapti. Hattoki AQSH razvedkasi tayyorlagan “Suv resurslarining global xavfsizligi” maʼruzasida taʼkidlanishicha, yaqin yillarda “jahonda suv beqarorligi” yuzaga kelishi, obihayot manbalari esa bosim quroliga aylanishi mumkin. Britaniya Mudofaa vazirligi esa 2006-yildayoq hukumatini iqlim oʻzgarishi va suv yetishmovchiligi oqibatida sayyoramizda yuz berishi mumkin boʻlgan katta-kichik urushlarga tayyor turish kerakligidan ogohlantirgan.

Xalqaro hamjamiyat 45 yillik tanaffusdan soʻng Nyu-Yorkda ilk marotaba muhim xalqaro konferensiyada jam boʻldi. Chunki masala nihoyatda dolzarb: 2050-yilga borib sayyoramiz aholisining 5 milliard kishisi suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin. Oʻzbekistonning ham bu borada aytar soʻzi va takliflari, salmoqli tajribasi bor. Chunki bir tomondan, kattaligi boʻyicha oʻz vaqtida dunyoda 4-oʻrinda boʻlgan Orol dengizi Oʻzbekistonda joylashgan va uning bugungi taqdiri faqat bizgagina emas, balki butun xalqaro hamjamiyatga daxldor masala, ikkinchi tomondan, Markaziy Osiyoga ham suv tanqisligi kelajakda xavf solishi mumkin.

Qolaversa, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har gal Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy darajadagi yigʻilishlarida ishtirok etar ekan, aynan shu muammoni koʻtardi va bu yoʻnalishda muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Konferensiya ishida tuzilmaga aʼzo 198 mamlakat qatorida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi. 23-mart kuni konferensiyaning yuqori darajadagi yalpi majlisida Saida Mirziyoyeva nutq soʻzlab, BMT minbaridan Orol dengizi fojiasining oqibatlari, ularni yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va bu boradagi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishda mamlakatimizning yetakchiligi xususida soʻz yuritdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzosi Orolboʻyidagi Moʻynoq ilgari yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega port shahar boʻlgani, keyinchalik muvozanat buzilib, dengizning oʻlik qirgʻoqlari “kemalar qabristoni”ga aylanganini taʼkidladi. Orol dengizining inqirozi — insoniyatning atrof-muhitga eʼtiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir.

Biroq Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanayotgani ham ayni haqiqat.

Shu oʻrinda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro darajada qoʻllab-quvvatlanib, 2021-yilda BMT Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul kilgani, sal avvalroq — 2018-yilda Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondiga asos solinganini taʼkidlamoq joiz.

Davlatimiz amalga oshirayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz borganda, mintaqani moliyalashtirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish, asosiysi, matonatli qoraqalpoq elining salomatligini tiklash, hududda yashil bogʻlarni yaratish uchun 14 million dollardan ortiq mablagʻ ajratilganini eslash kifoya. Boz ustiga 2016-yilda Prezidentimizning “Madaniyatni Moʻynoqdan boshlaymiz”, degan chaqirigʻi hozir amalda namoyon boʻlib turibdi. Moʻynoq tubdan yangidan qurildi. Hududga samolyot qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Orolning qurigan maydonida 1,5 million gektardan ziyod yashil makon paydo boʻldi. Yangidan Taxiatosh, Boʻzatov tumanlari tashkil etildi. Oʻzbekistonning har bir viloyati tumanlarga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida biriktirildi va buning samarasini xalqimiz his qilmoqda. Prezidentning alohida Farmon va qarorlari bilan har bir tumanda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari tasdiqlandi.

Prezidentimizning “Biz uchun Qoraqalpogʻiston yutugʻi — Oʻzbekiston yutugʻi, Qoraqalpogʻiston tashvishi bu — butun Oʻzbekiston tashvishi”, degan gaplari hamisha amaliy harakat dasturi boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Ezgu maqsad esa yangi Oʻzbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etishga qaratilgan.

BMT minbarida Saida Mirziyoyevaning xalqaro hamjamiyatni global suv masalalari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishda Oʻzbekistonning saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirigʻi ham dunyoni Orol fojiasini unutmaslikka daʼvat oʻlaroq yangradi. Zero, xalqaro koʻmaksiz Orol dardini yumshatishning oʻzi boʻlmaydi. Hammamiz yaxshi tushunamiz, chang-tuz boʻronlari soni va zarar koʻlamining keskin ortishi ortidan koʻz kasalliklari, oshqozon-ichak trakti xastaliklari, teri kasalliklari singari dardlar tez-tez uchraydigan boʻlib qoldi. Yer osti suvlari darajasi pasayib, hududning choʻllanish jarayoni tezlashdi. Butun boshli ulkan bandargoh katta-kichik “kemalar qabristoni”ga aylangandi.

Ming afsuslar boʻlsinki, Orol dengizining qurishi bizga juda qimmatga tushdi va hamon buning ortidan kelayotgan aziyatlar davom etyapti. Vaholanki, yashayotgan mahallamiz yoki qishlogʻimizdagi kichkinagina ariqdan suv oqmay qolsa, qanchalar tashvishga tushamiz. Uni asrab qolishdagi chorasizlik esa undan ham yomon. Suv — bizning hayot-mamotimiz. Bugunimiz, ertamiz mana shu obihayotga, suvga bogʻliq. Davlatimiz rahbari xalqning ayni masaladagi dardini his qila bildi, fojia koʻlamini kamaytirishga bel bogʻladi. Ayniqsa, Qoraqalpogʻistonning eng ogʻir nuqtasi — Moʻynoqqa hayotni qaytardi. 2018-yilning 27-noyabrida BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondi faoliyat boshladi. Shu munosabat bilan Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi tadbirda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu fondni tashkil etish tashabbusini yuksak baholab, xalqaro jamoatchilikni mazkur tuzilmani moliyalashtirishda faol qatnashishga chaqirgandi.

Trast fondi Orol dengizining markazi boʻlgan va koʻp talafot chekkan Moʻynoq shahrini mutlaqo yangidan tiklashga, sanoat korxonalari, koʻp qavatli uylar, zamonaviy xizmat koʻrsatish binolari, maktablar, taʼlim muassasalari va boshqa sohalarni rivojlantirishga yoʻnaltirildi. 2018-yilning dekabr oylaridan boshlab dengizning qurigan hududida 500 ming gektarlik oʻrmon barpo etish jarayoniga kirishildi. Mazkur ishga Orolboʻyidagi barcha oʻrmon xoʻjaliklari, mingdan ziyod mutaxassis ishchilar jalb etildi. Shu yerning oʻzida yashash uchun barcha sharoit tashkil etildi. Yashil oʻrmonlar yaratish uchun katta texnika jalb qilindi.

Haqiqatan ham, bugun mamlakatimiz aholisi Orol dengizining qurigan tubida “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish ishlarida astoydil mehnat qilmoqda va buning natijalari bugun koʻzga koʻrinmoqda. Yillar davomida oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, eʼtibor va ragʻbatdan mutlaqo chetda qolgan xalqning tomirlarida qaytadan hayot daryosi oqa boshladi.

Bugun Orol dengizini tiklash haqida emas, balki dengiz qurishining odamlar sogʻligʻiga taʼsirini yengib oʻtish, ushbu keng koʻlamli ekologik halokatning taʼsirini kamaytirish haqida soʻz bormoqda. Orol halokatining sababchisi inson, ammo -aynan insongina bu hududga hayotni qaytarishga qodir. Dengizning qurigan tubida unib-oʻsayotgan daraxtlar bunga ishonch uygʻotmoqda.

Koʻz oʻngimizda butun mintaqa oʻzgarib bormoqda, odamlar toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda, zamonaviy uylar, yoʻllar, maktablar, shifoxonalar barpo qilinmoqda. Bu yerlarga xorijiy investorlar yetib keldi, dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar tashrifi ortmoqda. Bularning barchasi Orolboʻyi tiklanayotganidan va uning istiqboli porloq ekanidan dalolat beradi.

Nyu-Yorkdagi xalqaro anjumanda dunyo hamjamiyati eʼtiborini Oʻzbekistonga va uning tashabbuslariga qaratilishining yana bir sababi bor. Ekspertlarning fikricha, ichimlik suvi yetishmovchiligi muammosi global iqlim oʻzgarishi hamda oʻsib borayotgan dunyo aholisining oziq-ovqat va gigiyena vositalariga boʻlgan katta ehtiyoji tufayli chuqurlashayotir. Albatta, bunda ichimlik suvining qitʼalar boʻyicha teng taqsimlanmaganligi hisobga olinmayapti. Olaylik, Osiyo qitʼasida sayyoramizning 60 foiz aholisi istiqomat qilayotgani holda mintaqada mavjud suv resurslarining atigi uchdan bir qismi joylashgan xolos.

Maʼlumki, XX asrda aholi soni uch karra oshgan boʻlsada, suv isteʼmoli yetti barobarga koʻpaydi. Bundan tashqari, jahonning 40 ga yaqin davlatlari suv yetishmaydigan hududlarda joylashgan. Ular chetdan keladigan suvga qaramdir. Shu bois sezilarli suv zaxiralariga ega boʻlgan davlatlarning roli va ahamiyati oshib boraveradi. Demak, ular suv tanqisligidan aziyat chekayotgan davlatlarga nisbatan kuchli iqtisodiy va siyosiy bosim vositasiga egadirlar.

BMT maʼlumotlarida qayd etilishicha, dunyoda sababi suvga borib taqaladigan 300 ga yaqin katta-kichik kelishmovchiliklar mavjud. Soʻnggi yarim asr mobaynida dunyoda suv resurslari bilan bogʻliq 500 dan ortiq bahsli holatlar yuzaga kelgan boʻlib, ularning 20 tasi harbiy harakatlar bilan yakun topgan.

Suv taqsimoti muammosi Amudaryo va Sirdaryo oʻzanida joylashgan Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham begona emas. Biroq ular barcha muammolarni muloqotlar yoʻli orqali hal qilishdi. Oʻzbekiston Prezidentining Qirgʻizistonga tashrifi arafasida ikki davlat oʻrtasida Jalolobod viloyatida “Qambarota-1” GES qurilishi boʻyicha investitsiya shartnomasi imzolandi. Loyihaning asosiy uch tomonlama bitimi iyul oyida imzolanishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 5,4 milliard kub metrga teng suv ombori va 1860 MVt quvvatli gidroelektrostansiya ishga tushiriladi. Natijada yiliga oʻrtacha 5,6 milliard kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

2022-yilda Oʻzbekiston va Tojikiston hukumatlari yozda Rogʻun gidroelektrostansiyasi tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyani eksport qilish maqsadlari aks etgan memorandumni imzoladi. Vaholanki, 2016-yilgacha Tojikiston va Qirgʻizistonning GESlar qurish rejasi mintaqa davlatlari oʻrtasidagi taranglikka sabab boʻlgandi. Aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan muammo uzil-kesil hal qilindi.

Oʻzbekiston dengizga chiqish yoʻli boʻlmagan yarimqurgʻoqchil mamlakatdir. Bu oʻlkada haydaladigan yerlarning 10 foizdan kam qismi daryo vodiylari va vohalarda joylashgan, qolgan qismi esa choʻl va togʻlar bilan oʻralgan. Oʻzbekistonda suv resurslariga boʻlgan umumiy ehtiyoj yiliga 50 — 60 km.ni tashkil etadi, shundan atigi 12,2 km. respublika hududida shakllanadi, qolgan suv hajmi esa tashqaridan — yozda qor va muzliklarning erishi natijasida Tyan-Shan va Pomir-Oltoy togʻlaridan oqib keladi. Havzaning ikkita yirik daryosi inson salomatligi, ekotizimlar, qishloq xoʻjaligi, gidroenergetika va boshqalar uchun zarur boʻlgan suv bilan taʼminlaydi. Oʻzbekiston aholi jon boshiga suv olish boʻyicha yetakchi davlatlar qatoriga kirsada, mamlakatda ichki chuchuk suv resurslari juda oz. 2018-yilda Oʻzbekiston aholi jon boshiga 495,81 kub metr qayta tiklanadigan ichki chuchuk suv resurslari bilan 180 ta davlat orasida 154-oʻrinni egalladi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, XXI asrning oxiriga kelib insoniyat Himolay muzliklarining uchdan ikki qismidan koʻprogʻini yoʻqotishi mumkin. Xuddi shunday vaziyat Pomir muzliklarida ham yuzaga kelmoqda — Fedchenko nomi bilan yuritiladigan uzunligi 75 kilometrdan oshadigan dunyodagi eng yirik kontinental muzlikning erish jarayoni kuzatilmoqda va bu bugungi kunning eng katta xavflaridan biriga aylangan. Global isish oqibatida Tyan-Shandagi muzliklarning erishi tezlashmoqda. Mintaqadagi muzliklarning eng katta qismi Tojikiston hududiga toʻgʻri keladi. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon mamlakatdagi muzliklarning erishi Markaziy Osiyo uchun katta xavf tugʻdirishini taʼkidladi. “Muzning suv yuzasida ham, quruqlikda ham tez orada erishi yaqin kelajakda halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu jarayonning yorqin misoli Tojikistonda muzliklarning tez erishi bulib, Markaziy Osiyo suv resurslarining 60 foizigacha boʻlgan qismini tashkil etadi”. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda Tojikistonda minglab kichik va oʻrta muzliklar butunlay erib ketgan. Bu vaziyat nafaqat respublika ichida, balki mintaqaning boshqa davlatlariga ham salbiy taʼsir qiladi.

Jahon banki baholashlariga koʻra, 2050-yilga borib Markaziy Osiyoda aholi soni 90 million kishigacha yetishi bilan kechadigan demografik oʻsish sharoitida suv tanqisligi 25 — 30 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, mintaqada isish darajasi jahondagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan oshib, 2100-yilga borib havo harorati oʻrtacha 5-6 darajaga koʻtariladi. Nihoyatda yuqori harorat qorning erta erishiga, suvga boʻlgan talabning ortishiga, eng yuqori oqib kelish bahorga koʻchishiga va sugʻorish mavsumida oqimlarning kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, Sirdaryo havzasida suv oqimi 2 — 5, Amudaryo havzasida esa 10 — 15 foizga kamayishi va natijada suv tanqisligi kuchayishi mumkin. Bu nafaqat qishloq xoʻjaligiga, balki gidroenergetikaga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi, chunki 2050-yilga borib mintaqaning ayrim hududlarida gidroelektrostansiyalarning ish samaradorligi 20 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

Shuningdek, yevropalik olimlarning fikricha, suvdan samarali foydalanish boʻyicha shoshilinch choralar koʻrilmasa, 2050-yilga borib ekologik qochqinlar soni besh baravar ortishi mumkin.

Demak, obihayotning har bir tomchisi tillaga teng boʻlib borayotgan ekan, undan juda samarali foydalanishimiz, sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish, quvurli tizimlarga oʻtish orqali suv isrofgarchiligini keskin kamaytirish, suv va energiya resurslarini tejovchi texnologiyalardan keng foydalangan holda suvni raqamlashtirish va avtomatizatsiyalash orqali ilmiy asoslangan zamonaviy boshqaruvga oʻtishimiz zarur. Kezi kelganda taʼkidlash joizki, mintaqamizda qishloq xoʻjaligida suv isrofgarchiligi yuqori. Shunday ekan, suvdan oqilona foydalanish madaniyatini oʻrganishimiz kerak. Davlatimiz rahbarining tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish tajribasidan keng foydalanish borasidagi chaqiriqlari, Farmon va qarorlarining qabul qilinayotgani ortida ham suvdan tejab-tergab foydalanish istagi yotibdi. Shulardan kelib chiqib, biz Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish vazifalariga ham alohida eʼtibor qaratishimiz zarur.

Mamlakatimiz Prezidenti 2017-yildayoq BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida umumiy suv resurslari muammosi Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash uchun muhim masala ekanligini bejiz taʼkidlamadi. Demakki, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari oʻrtasida hamfikrlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlash, suv munosabatlarida ochiqlikni taʼminlash maqsadida mintaqada suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish masalasini hal etish uchun oʻzaro maqbul hamda manfaatli yechimlarni topish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.

BMTning suv muammolariga bagʻishlangan xalqaro anjumanida Oʻzbekiston delegatsiyasi ilgari surgan tashabbuslar ana shu hamjihatlik yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.
Shavkat HAMROYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?