Oʻzbekiston yoshlar siyosatida dunyoga namuna boʻlmoqda

16:36 01 Iyul 2021 Jamiyat
704 0

Har qanday mamlakatning kelajagi yosh avlodning komil tarbiyasi va izchil taraqqiyoti bilan chambarchas bogʻliq. Barcha rivojlangan davlat va jamiyatlarda yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining davomiyligini taʼminlovchi asosiy kuch boʻlib xizmat qilgan. Shu bois, Oʻzbekistonda ham yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida keng koʻlamli ishlarni amalga oshirish ustuvor vazifa sanaladi.

Jumladan, soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlar siyosati masalasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi hayotiy tashabbuslarning har biri dunyo hamjamiyati nigohi Oʻzbekistonga qaratilishiga sabab boʻlmoqda. Oʻtgan yillar davomida yoshlar masalasida dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasiga tayangan Oʻzbekiston bugun yoshlar siyosati masalasida oʻz yoʻli va tashabbuslari orqali ayrim rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlarga namuna boʻlmoqda.

Xabaringiz bor, yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong mamlakatimizdagi rasmiy tashrifi davomida dunyo aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo boʻyicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga yetmasligi, mamlakatimizda esa bu koʻrsatkich 6 foizdan oshganini alohida eʼtirof etgan edi. Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlar siyosatini amalga oshirishda Parlamentlararo ittifoq koʻmagida ishlarimiz yana-da jadal olib borilishi natijasida yoshlarimizni dunyo hamjamiyatiga olib chiqishda katta islohotlarga yoʻl ochilgani barchamizni quvontiradi.

Xususan, joriy yilning ham mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingani, bu yoʻnalishda keng qamrovli Davlat dasturi qabul qilinib, barcha saʼy-harakatlar yosh avlod kamoliga qaratilayotgani ham fikrimiz dalilidir. Bu borada Oʻzbekiston tomonidan qator xalqaro tashabbuslarning ilgari surilayotgani va ularning hayotga joriy etilayotgani esa, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da mustahkamlamoqda. Jumladan, 2020-yil 12-13-avgust – Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida tashkil etilgan inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi fikrimiz tasdigʻidir.

Mana besh yildirki 30-iyun sanasi mamlakatimiz yoshlari tomonidan yoshlar kuni sifatida koʻtarinki ruh va kayfiyatda nishonlab kelinmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yil 30-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilib, uning asosiy maqsadi yoshlarning barcha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirishiga koʻmaklashish ekanligi belgilab berildi. Xuddi shu kuni Prezidentimiz taklifi bilan 30-iyun yoshlar kuni deb eʼlon qilindi.

Kuni kecha Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda davlatimiz rahbari ishtirok etib, yoshlar va ular orqali Oʻzbekiston yoshlarini bayram bilan tabrikladi. Tadbir doirasida Prezidentimiz yoshlarning ilm-fan, texnologiyalar, adabiyot, sanʼat kabi sohalarda erishayotgan natijalarini aks ettiruvchi koʻrgazma va namoyishlar bilan tanishib, yoshlarning ixtirolari, mahorati, badiiy chiqishlarini koʻzdan kechirgani, ular bilan suhbatlashib, oʻqish va izlanishlariga muvaffaqiyatlar tilagani yoshlarimizga kelgusi faoliyatlari uchun ulkan qanot bagʻishladi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, huquq va manfaatlariga ustuvor ahamiyat qaratilib, alohida davlat tashkiloti – Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgani, bundan tashqari, Yoshlar ittifoqi, uning huzurida oʻttizdan ortiq nodavlat tashkilotlar faoliyat yuritayotgani, barcha shahar va tumanlarda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi, turli sohalarni qamrab olgan “Besh tashabbus” loyihalari amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.

Bugun yoshlarga oid siyosat ikkita eng muhim yoʻnalishda amalga oshirilmoqda. Birinchi yoʻnalish yoshlarga zamonaviy bilim berish boʻlsa, ikkinchi yoʻnalish yoshlar bandligini taʼminlashdir. Xususan, yoshlarning bilim va iqtidorini rivojlantirish maqsadida yangicha shakl va mazmundagi Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar tizimi yaratildi. Umuman, barcha maktablarga eʼtibor, oʻqituvchilarga ragʻbat va hurmat oshdi. Yosh avlodda bilimga intilish kuchaydi.

Oʻtgan bir yilda bilimli va zukko yoshlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 4 ta oltin, 18 ta kumush va 29 ta bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Joriy yilda Prezident maktablarini tamomlagan 96 nafar oʻquvchilarning barchasi muddatidan avval nufuzli xorij oliygohlarga grant asosida oʻqishga kirdi.

Oʻsib kelayotgan bilimga chanqoq yoshlarning talabiga mos ravishda oliy taʼlim muassasalari soni 127 taga yetkazildi, 26 ta xorij universitetlarning filiallari ochildi. Oxirgi 5 yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 mingtaga yetkazildi. Bu – umumiy qamrovning 28 foizi demakdir. 4 yil ilgari bu koʻrsatkich atigi 9 foiz edi. Davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʻpaytirilgani, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani minglab oilalarga quvonch olib kirdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistonda ilk bor ishsiz yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan mutlaqo yangi tizim – “Yoshlar daftari”ning joriy etilishi oʻz vaqtida koʻrilgan muhim chora boʻldi. Bu tizim asosida oʻtgan qisqa davr ichida respublikamizdagi 8 714 ta mahallada yashayotgan 18-30 yoshdagi 6 484 806 nafar yigit-qizning 5 451 442 nafari, yoki 84 foizi bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazilib ularning orzu-istaklari va muammolari tinglandi. Suhbatlar asosida 682 787 nafar ijtimoiy himoyaga, iqtisodiy va psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, ishsiz shaxslar “Yoshlar daftari”ga kiritildi.

Hududiy va mahalliy hokimliklar qoshida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning muammolarini hal qilishga koʻmaklashish uchun “Yoshlar jamgʻarmalari” tashkil etilib, 113,5 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi. Ayni vaqtga qadar ushbu mablagʻning 4,6 mlrd. soʻmi yoshlar manfaatlari uchun yoʻnaltirildi.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida esa, 8 635 ta biznes loyihaga jami 1 trln. 830 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilib, 42 421 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Shuningdek, Davlat dasturi doirasida yoshlarning 31,4 mlrd. soʻmlik 63 ta loyihasiga Jamgʻarma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga yaqindan koʻmaklashildi.

Hududlarda 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazi hamda 212 ta “Yoshlar mehnat guzari” kompleksi foydalanishga topshirilib, ularda 2 380 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Natijada soʻnggi uch yil ichida 841 147 nafar yoshlar oʻz ish joyiga ega boʻldi.

Quvonarli tomoni Prezidentimiz yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda bu kabi yoshlarning har bir qatlamini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasidagi tashabbuslar izchilik bilan davom ettirilishini yana bir bor taʼkidladi. Xususan, viloyat, tuman va shahar kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydi. Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan chet ellarda stajirovka oʻtaydi. Shuningdek, respublikamizda ishlayotgan, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qoʻshimcha haq toʻlanadi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab barcha uchun taʼlim krediti imtiyozli shartlarda 7 yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, yaʼni, joriy yilda 14 foiz stavkada ajratiladi. Bunga qoʻshimcha ravishda, taʼlim kreditlarini qoplash uchun yoʻnaltirilgan mablagʻlar daromad soligʻidan ham ozod qilinadi. Bundan tashqari, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga, oliygohdagi oʻqishning birinchi yili uchun kontraktni byudjetdan toʻlab berish tartibi joriy etiladi.

Maktablarda oʻquvchilarni kompyuterdan shunchaki foydalanuvchi emas, balki undan daromad topadigan mutaxassislar boʻlib tarbiyalanish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu maqsad uchun joriy yil yakuniga qadar umumtaʼlim maktablari yuqori tezlikdagi Internetga ulanadi. Respublikamiz boʻyicha qoʻshimcha 5 mingta kompyuter sinflari tashkil etiladi.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk va komil shaxslar boʻlib voyaga yetib, kelajakda yurtimiz dovrugʻini dunyoga tanitishlari uchun bugun barcha darajadagi zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер