Oʻzbekiston va Vengriya strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar

22:46 04 Oktyabr 2022 Siyosat
816 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Yetakchilar Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlari 2021-yilda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani chinakam tarixiy voqea boʻlgani hamda xalqlarimizning koʻp asrlik doʻstligi va oʻzaro manfaatli hamkorlikning bugungi rivojiga toʻliq hamohangligini taʼkidladilar.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi qariyb 3 barobar koʻpayganini qayd etdi. Tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish rejasini roʻyobga chiqarishga kelishib oldilar.

Viktor Orban Vengriya Oʻzbekistonni oʻzining muhim va uzoq muddatli hamkori deb hisoblashini taʼkidladi. Ushbu tashrifning boy dasturi ham oʻzaro muloqotni har tomonlama rivojlantirishga intilish qatʼiyligidan dalolat beradi.

Qishloq xoʻjaligi, transport, farmatsevtika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli surʼat bagʻishlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shu maqsadda hukumatlarga ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qoʻshma fond tuzish topshirildi.

Shu bilan bir qatorda biznes-forum va koʻrgazmalar muntazam oʻtkazib boriladi, imkoniyatlar maksimal darajada ishga solinadi, oʻzaro manfaatli hamkorlikning barcha yoʻnalishlari qamrab olinadi.

Tomonlar yaqinda oʻtkazilgan biznes-forumning muvaffaqiyatli yakunlari, yaʼni qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani natijador hamkorlikning aniq amaliy natijasi boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida Budapeshtda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Vengriya yetakchilari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?