Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqoti qildi

17:58 21 Dekabr 2020 Siyosat
371 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-dekabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbarini mamlakatimiz MDHga samarali raislik qilgani va Hamdoʻstlik sammitini muvaffaqiyatli oʻtkazgani bilan samimiy tabrikladi.

Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli holatlar kuchayishi va koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq murakkab sharoitda Oʻzbekiston Hamdoʻstlikka raislik konsepsiyasini toʻliq roʻyobga chiqarishga hamda koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muhim tashabbuslarni amalga oshirishga muvaffaq boʻlgani alohida taʼkidlandi.

Prezidentlar ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Pandemiya oqibatlariga qaramay, savdo aloqalari rivojlanmoqda, iqtisodiyot tarmoqlarida, energetika, transport va logistika sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik chuqurlashib, gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.

Davlat rahbarlari sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yangi loyihalarni ilgari surish uchun Hukumatlararo qoʻshma komissiya ishini faollashtirish lozimligini taʼkidladilar.

Madaniyat, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi faol muloqotlarni davom ettirishga, bunda ikki xalq taniqli sanʼat va fan arboblarining keng ishtirokida mamlakatlarimizda qoʻshma tadbir va forumlar tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentining Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida yuqori darajadagi Ashxobod konferensiyasini oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Boʻlajak tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining delegatsiyasi ishtirok etishi toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Suhbat yakunida Prezidentlar kirib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birlarini samimiy qutlab, mamlakatlarimizning qardosh xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?