Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

20:05 05 Iyul 2022 Siyosat
1180 0

Foto: president.uz

Bugun, 5-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Yetakchilar shu yili mart oyida Toshkent shahrida oʻtgan Strategik sheriklik kengashining ikkinchi yigʻilishida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qildilar.

Turkiya Prezidenti davlatimiz rahbarining Qoraqalpogʻiston Respublikasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatladi.

Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Savdo, transport, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalardagi ikki tomonlama loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, 2022-yil noyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yuzasidan fikr almashildi.

Davlat rahbarlarini yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti bilan bir-birini qutlab, mamlakatlarimizning birodar xalqlariga farovonlik va ravnaq tiladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?