Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari Samarqandda uchrashuv oʻtkazdilar

19:07 16 Sentyabr 2022 Siyosat
719 0

Foto: president.uz

16-sentyabr kuni SHHTning Samarqand sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Redjep Tayyip Erdogʻan Oʻzbekiston rahbarini SHHT sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan tabriklab, faxriy mehmon sifatida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuvda yetakchilar oʻzaro hurmat, doʻstlik va ishonchga asoslangan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligini faollashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Oʻzaro munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani asnosida siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada chuqurlashtirish muhimligi alohida taʼkidlandi.

Tomonlar joriy yil 29-30-mart kunlari Toshkentda oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida oʻzaro muloqotlar salmoqli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo koʻrsatkichlarida sezilarli oʻsish kuzatilmoqda. Xususan, oʻtgan yilda tovar ayirboshlash 60 foizdan oshdi.

Qoʻshma korxonalar soni 2 mingdan ortdi. Birgina joriy yilning oʻtgan davrida yarim milliard AQSH dollariga yaqin investitsiyalar oʻzlashtirildi.

Turkiya kompaniyalari Oʻzbekistondagi davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishga katta qiziqish bildirmoqda.

Qishloq xoʻjaligi, transport, elektrotexnika, toʻqimachilik va charm sanoati, innovatsiyalar, yuksak texnologiyalar, turizm va madaniyat sohalarida yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Istiqbolli yoʻnalish sifatida energetika tarmogʻi alohida qayd etildi. Keyingi yillarda tomonlar qariyb 1 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Uchrashuvda boʻlajak tadbirlar, shu jumladan Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining rejasi koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining uchrashuvi har doimgidek samimiy, ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?