Oʻzbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosi havzasida GES qurish masalasini koʻrib chiqyapti

13:54 13 Mart 2020 Jamiyat
1430 0

Oʻzbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosi havzasida GES qurish hamda uni ekspluatatsiya qilish tartibi, ulushbay ishtirok etish shartlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim loyihasini muhokama qilishda davom etmoqda. Bu haqda energektika vazirligi xabar berdi.

Oʻzbekiston – Tojikiston ishchi guruhining navbatdagi yigʻilishi mart oyida Dushanbe shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tojikistonda Zarafshon daryosida umumiy quvvati 320 MVt.ga teng ikkita GES qurish masalasini oʻrganib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Tojikiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-avgustda imzolangan Qoʻshma bayonotida koʻzda tutilgan.

Keyinchalik ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2018-yil 28-avgustdagi tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da oʻz ifodasini topgan.

Gidroelektrstansiyalarni bosqichma bosqich qurish rejalashtirilgan: avvaliga qiymati 282 mln. doll. ga teng, quvvati 140 MVt tashkil etuvchi hamda 700-800 mln. kVt-saot elektroenergiya ishlab chiqaruvchi Yovon GESi qurilishi koʻzda tutilmoqda.

Navbatdagi bosqichda tomonlar Fandaryoda qiymati 270 mln. doll. ga teng, quvvati 135 MVt. ni tashkil etuvchi hamda 500-600 mln kVt-soat elektroenergiya ishlab chiqaruvchi GES qurilishi moʻljallangan.

Loyihani moliyalash xalqaro moliyaviy tashkilotlarning qarz va grant mablagʻlari, shuningdek tomonlarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

Qurilgan gidroelektrostansiyalar faqat Oʻzbekiston ehtiyojlari uchun 1400 mln kVt.s ekologik sof elektr energiya ishlab chiqaradi.

Shuningdek loyiha yagona energiya tizimini qoʻllab-quvvatlashga hamda GESni birga qurish va ulardan foydalanish jarayonida qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga, shuningdek elektr energiyani teng asosda Oʻzbekiston va Tojikistonga yoʻnaltirishga koʻmaklashadi.

Ilk bor Tojikiston tomonidan taqdim qilingan Zarafshon daryosida GES qurilishida ulushbay ishtirok etish tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo Bitim loyihasi 2019-yil 24-aprelda Oʻzbekistonning manfaatdor vazirliklari va idoralari vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan koʻrib chiqildi.

2020-yil 28-29-yanvar kunlari Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va uni ekspluatatsiya qilish tartibi va ulushbay ishtirok etish shartlari toʻgʻrisidagi Hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama qilish boʻyicha Oʻzbekiston – Tojikiston ishchi guruhining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Qoʻshma ishchi guruhning navbatdagi majlisida investitsiyalarni himoya qilish va xatarlar darajasiga taʼsir etuvchi Oʻzbekiston tomonidan kiritilgan oʻzgarishlar, bahsli masalalarni koʻrib chiqish mexanizmi, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini Oʻzbekiston tomonidan xarid qilish tartibi va boshqalar muhokama qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?