Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

21:12 15 Sentyabr 2022 Siyosat
520 0

Foto: president.uz

15-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokara oʻtkazdilar.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vladimir Putin, oʻz navbatida, Shavkat Mirziyoyevga har doimgidek samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik barcha darajalarda jadal va samarali rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.

Tomonlar keyingi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya sherikligi misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod koʻpaydi, oʻtgan yetti oyda esa oʻzaro savdo 30 foizdan ortiq oʻsdi. Eʼtiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.

Sanoat kooperatsiyasi jadal surʼat bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilgʻi-energetika, kimyo, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qoʻshma loyihalar boshlandi.

Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish boʻyicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.

Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari boʻyicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.

Hamkorlikni kengaytirishda hududlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar muhim oʻrin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat oʻrtasida 50 ga yaqin tashriflar boʻldi.

Tomonlar Oʻzbekiston hududlarida qoʻshma sanoat parklarini tashkil etish, joriy yil oktyabr oyida Oʻzbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini oʻtkazishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Prezidentlar tadbirlarga boy va keng koʻlamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadilar.

Rossiya oliy taʼlim muassasalarining xorijdagi filiallari soni boʻyicha Oʻzbekiston yetakchi oʻrinda turadi. Soʻnggi toʻrt yilda yurtimizda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.

Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Joriy yilda Rossiyadan Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi koʻrsatkichlardan oshdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Samimiy va doʻstona oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер