Oʻzbekiston va Rossiya harbiylarining hamkorlikdagi qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi

10:12 04 Dekabr 2019 Jamiyat
548 0

Sharqiy harbiy okrug “Gʻurumsaroy” dala-oʻquv maydonda “Sharq – 2019” Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiya harbiy xizmatchilarining hamkorlikdagi taktik oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi.

Hamkorlikdagi maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlarida qatnashish uchun yurtimizga kelgan Rossiyalik harbiy xizmatchilar oʻzbekona mehmondoʻstlik bilan kutib olindi.

Dastlab, “Gʻurumsaroy” dala-oʻquv maydonida ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirokida brifing oʻtkazilib, hamkorlikdagi mashqlarni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar kelishib olindi.

“Sharq – 2019” hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarining ochilishiga bagʻishlangan marosimda taʼkidlanganidek, ushbu mashqlar har ikki tomon uchun ham jangovar salohiyat, professional tayyorgarlik boʻyicha bilimlarni oshirish hamda xalqaro terrorizmga qarshi kurashda tajriba almashishlarida muhim oʻrin tutadi. 

Bir nechta oʻquv joylarida ishtirokchilar bilan jangovar va maxsus taktik tayyorgarlik yoʻnalishlarida mashgʻulotlar tashkil etildi. Boʻlinmalar oldiga qoʻyilgan oʻquv vazifaga koʻra, shartli dushman obyektlarini qidirib topish, harakatlanish vaqtida qoʻqqisdan paydo boʻlgan kichik guruhlarni yakson qilish talab etildi. Bunda asosiy eʼtibor, harbiy xizmatchilarning jipsligini taʼminlash, bir-birini qoʻllagan holda dushman obyektiga talofat yetkazish kabilar boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Mashgʻulotlar davomida hamkorlikdagi oʻquv qatnashchilari qurol-aslaha va anjomlari bilan 5 km masofaga marsh yugurish mashqlariga jalb etilib, bunda ularning abjirligi, chidamliligi sinovdan oʻtgan boʻlsa, togʻ tayyorgarligidan murakkab toʻsiqlar yoʻlagidan oʻtish, yaradorlarni evakuatsiya qilish mashqlarini ham katta mahorat bilan bajarishdi.

“Sharq – 2019” hamkorlikdagi oʻquvlari davomida tungi sharoitda ham mashgʻulotlar oʻtkazildi. Rejaga koʻra, chegara hududlarida qoʻporuvchilik harakatlarini rejalashtirgan jangari toʻdani aniqlash va yakson qilish vazifasi yuklatildi.

Shartli dushman ehtimol tutilgan hududda razvedka ishlari oʻtkazilib, olingan maʼlumotlar zudlik bilan yuqori qoʻmondonlikka yetkazildi. Boʻlinma komandiri tomonidan tegishli qaror qabul qilingach, qoʻqqisdan hujum boshlandi. Shartli dushman obyektlari va ularning jangovar texnikalari nishonga olindi. Hamkorlikdagi boʻlinmalarning tezkor va shiddatli harakati tufayli shartli terrorchilar toʻdasi batamom tor-mor qilindi.

Hamkorlikdagi oʻquvlarining tantanali yopilish marosimida mashgʻulotlar yuksak saviyada oʻtganligi, mashqlar ikki davlat harbiylariga tajriba almashishlari uchun katta imkoniyat yaratgani alohida eʼtirof etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?