Oʻzbekiston va Qozogʻiston harbiylari Termiz poligonida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazdi

12:17 24 Noyabr 2021 Jamiyat
650 0

Foto: Халқ сўзи

Avvalroq Qozogʻistonning Jambul viloyati Matibuloq poligonida oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar “Qalqon-2021” qoʻshma oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etgan edi. Ikki davlat harbiylarining navbatdagi qoʻshma oʻquv-taktik mashgʻuloti Termiz poligonida boʻlib oʻtdi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – mintaqada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning professional mahorati va malakasini oshirishdan iboratdir.

Termiz poligoni oʻquv-taktik maydonida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Bahodir Qurbonov hamda Qozogʻiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-leytenant Murat Beyetanov, Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan koʻrgazmali chiqishlarni bevosita kuzatdilar.

“Hamkorlik – 2021” qoʻshma oʻquvi dasturiga koʻra, hamkorlikda harakat qilgan kuchlar chegara hududini buzib kirishga uringan noqonuniy qurolli guruhga qarshi jang olib borish jarayoni tashkillashtirilib, unda ellikdan ortiq harbiy texnikalar va uch yuzga yaqin harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Shartli dushman toʻdalarini yoʻq qilishda qiruvchi samolyotlar, jangovar vertolyotlar, zirhli texnikalar, artilleriya, motooʻqchi boʻlinmalar, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanildi. Aniqlikda qilingan tezkor harakatlar natijasida shartli dushman qisqa vaqtda yakson qilindi.

Bunday qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari harbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, jangovar birodar shaylikni oshirish, oʻzaro tajriba almashishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli, albatta.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?