Oʻzbekiston va Qozogʻiston bosh vazirlari muhim tadbirda ishtirok etishdi

23:17 10 Aprel 2021 Siyosat
589 0

Joriy yilning 10-aprel kuni Oʻzbekiston va Qozogʻiston davlatlarini bogʻlovchi chegara hududda (“Gʻishtkoʻprik” – «Jіbek jolы») “Markaziy Osiyo” xalqaro savdo iqtisodiy hamkorlik markaziga tamal toshi qoʻyish marosimi oʻtkazildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Askar Mamin ishtirok etdi.

Soʻnggi yillarda Davlatlarimiz rahbarlarining oʻzaro ishonch va doʻstlikka asoslangan samimiy, iliq munosabatlari tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik aloqalari yana-da mustahkamlanib borayotgani, Prezidentlarimizning tashabbuslari va siyosiy irodalari tufayli koʻp qirrali hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarilib, oʻzaro manfaatli loyihalar bilan boyitilayotgani taʼkidlandi.

“Markaziy Osiyo” xalqaro savdo iqtisodiy hamkorlik markazi ushbu loyihalarning amaldagi ifodasidir.

Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan ushbu loyiha nafaqat ikki tomon uchun samarali boʻladi, balki mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga ham qoʻshimcha turtki beradi.

Qozogʻistonga tashrif doirasida Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan oʻzaro fikr almashish va ikki tomonlama hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalari ishtirokida ishchi yigʻilishi ham oʻtkazildi.

Yigʻilishda qardosh xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida savdo-iqtisodiy, transport-logistika, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishning maqbul yoʻllari atroflicha muhokama qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?