Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari uchrashdi

16:16 06 Avgust 2021 Siyosat
607 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasida Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan muzokara oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Sadir Japarovni ilk bor Maslahat uchrashuvida ishtirok etayotgani bilan chin dildan qutladi va bu koʻp tomonlama “muloqot maydoni” mintaqamiz farovonligi yoʻlida mamlakatlarimiz saʼy-harakatlarini birlashtirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Uchrashuvda, avvalo, joriy yil 11-12-mart kunlari Qirgʻiz Respublikasi Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil muhokama qilindi.

Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 foizga ortib, 425 million dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Iqtisodiyotning ustuvor yoʻnalishlarida, xususan sanoat, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, mashinasozlik va boshqa tarmoqlarda koʻshma loyihalarni amalga oshirish boshlab yuborilgan. Faol madaniy-gumanitar va hududlararo almashinuv olib borilmoqda.

Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, Qambarota-1 gidroelektr stansiyasini birgalikda qurish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” temir yoʻli strategik ahamiyatga ega ekani, uni qurish boʻyicha muzokaralarni jadallashtirish muhimligini taʼkidladi.

Qirgʻiziston Prezidenti Oʻzbekistonning mintaqada samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash borasidagi amaliy saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvatlashini bildirdi. Davlatimiz rahbarining Markaziy va Janubiy Osiyo hamkorligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari mintaqamizning qardosh xalqlari manfaatlariga xizmat qilishini taʼkidladi.

Barcha sohalardagi aloqalarni izchil rivojlantirish uchun oliy va yuqori darajadagi muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?