Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar

18:41 19 May 2022 Siyosat
715 0

Foto: president.uz

19-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Turli darajalarda oʻzaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayib bormoqda – yil boshidan tovar ayirboshlash 30 foizga oshdi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish hamda beshta muhim yoʻnalish – Davlat chegarasiga oid masalalarda, savdo-sotiqni koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport va energetika sohalarida qoʻshma infratuzilma loyihalarini ilgari surish borasidagi amaliy hamkorlikda aniq natijalarga erishishga alohida eʼtibor qaratildi.

Mintaqaviy muloqot masalalari muhokama qilinar ekan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi kun tartibini har tomonlama tayyorlash muhimligi qayd etildi.

Yetakchilar boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiqlik, ishonch va doʻstlik ruhida oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?