Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Prezidentlari boʻlajak sammitga tayyorgarlikning borishini muxokama qildilar

14:36 04 Iyul 2022 Siyosat
514 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining keng koʻlamli kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Prezident Sadir Japarov Qoraqalpogʻistondagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlarga chek qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston rahbari tomonidan koʻrilgan qatʼiy choralarni toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Boshqa davlatning ichki ishlariga aralashishga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilari boʻlajak oliy darajadagi ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar rejasini, shu jumladan Choʻlponota shahrida oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari sammitiga tayyorgarlik masalalarini koʻrib chiqdilar.

Yaqin orada muhim yoʻnalishlardagi kelishuvlarni ilgari surishga qaratilgan qator qoʻshma tadbirlarni oʻtkazishga kelishib olindi.

Tomonlar mintaqaviy transport yoʻlaklari va energetika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi yirik infratuzilmaviy loyihalarni ishlab chiqishni jadallashtirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?