Oʻzbekiston va Polsha Ombudsmanlari hamkorligi rivojlanmoqda

15:50 12 Sentyabr 2022 Jamiyat
360 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Polshaning Varshava shahriga qilgan amaliy tashrifi doirasida Polsha Ombudsmani Marchin Vyonsek bilan uchrashdi.

Samimiy suhbat davomida tajriba almashinar ekan Ombudsmanlar vakolatlari boʻyicha koʻplab oʻxshashliklar borligi maʼlum boʻldi. Masalan har ikkala Ombudsmanda ham fuqarolar manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritish huquqi mavjud.

Shuningdek, uchrashuvda Milliy preventiv mexanizm doirasida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga amalga oshiriladigan monitoring tashriflari boʻyicha fikr almashildi.

Ombudsman Feruza Eshmatova oʻtgan yillar davomida inson huquqlarini taʼminlash yoʻlida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, shu jumladan, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) institutining huquqiy maqomi muntazam takomillashib borgani, uning faoliyat qamrovi va vakolatlari kengaygani, inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsmanga berilgan yangi taʼsirchan choralar haqida ham toʻxtaldi.

Muloqot yakunlariga koʻra, har ikkala davlat fuqarolari murojaatlarini koʻrib chiqishda Ombudsmanlar hamkorligini mustahkamlashga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun: 1988-yilda Sharqiy Yevropa davlatlari orasida birinchilardan boʻlib Polshada Ombudsman instituti joriy qilingan. Ushbu lavozimni egallagan shaxs eng yuqori darajadagi inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga masʼul hisoblanib, uning vakolat va vazifalari Polsha Konstitutsiyasi va tegishli qonun bilan mustahkamlangan.

Ombudsmanga fuqarolik huquqlari buzilishining oldini olish, buzilish faktini aniqlash, qonunlarga rioya etilishini nazorat qilish va yangi himoya choralarini ishlab chiqish vazifalari yuklatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?