Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasida sport sohasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga chiqadi

14:57 21 Sentyabr 2022 Sport
482 0

Foto: Sportni rivojlantirish vazirligi

Sport sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, sohaga ajratilayotgan mablagʻlarning samaradorligi va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan normativ hujjat loyihasini ishlab chiqishda xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston delegatsiyasi shu kunlarda xorij davlatlarida xizmat safarida boʻlib turibdi. Shu maqsadda kuni kecha mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolarining ozarbayjonlik hamkasblari bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Dastlab, Oʻzbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon yoshlar va sport vazirining oʻrinbosari Mariana Vasilyeva bilan uchrashdi. Unda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish kabi masalalar muhokama qilindi.

Soʻngra Ozarbayjon Milliy Olimpiya qoʻmitasida ushbu tashkilot vitse-prezidenti Chingiz Guseynzade bilan ham hamkorlik aloqalarini kuchaytirish borasida atroflicha fikr almashildi.

Ikki davlat sporti taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadigan mazkur uchrashuvlar chogʻida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

— Jismoniy tarbiya va sport sohasini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻzaro tajriba almashish;

— Yirik musobaqalar va tizim tashkilotlarini moliyalashtirish hamda ularning faoliyati boʻyicha moliyaviy nazoratni amalga oshirish mexanizmlarini oʻrganish;

— Nufuzli sport musobaqalariga sportchilarni tayyorlash boʻyicha oʻquv-mashq jarayonlarini tashkil etish hamda bu boradagi chora-tadbirlarni moliyalashtirish mexanizmlari bilan joyida tanishish;

— Tizim tashkilotlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini yuritish taktikasi hamda ularning oʻzini-oʻzi moliyalashtirish mexanizmlarini koʻrib chiqish.

Bundan tashqari, uchrashuv doirasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, shuningdek, ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida birgalikda ishlash, qolaversa xalqaro maydonlarda muvaffaqiyatga erishish borasida ham hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?