Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashning eng muhim yoʻnalishlari belgilab olindi

12:49 15 Sentyabr 2022 Siyosat
365 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

15-sentyabr kuni Samarqanddagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining Kongress markazida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklikning 10 yilligi munosabati bilan bir-birini qutladilar.

Prezidentimiz Si Szinpinni uning tashrif arafasida chop etilgan, xalqlarimiz koʻp asrlik rishtalar bilan bogʻlanganini tasdiqlovchi va dasturiy ahamiyatga ega “Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarining yorqin kelajagini birgalikda barpo etish” sarlavhali mualliflik maqolasi uchun dildan minnatdorlik bildirdi. Xitoy xalqi Si Szinpin rahbarligida erishayotgan ulkan yutuqlarni qayd etib, Xitoy Kommunistik partiyasining boʻlajak yigirmanchi yalpi majlisi muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Xitoy rahbari, oʻz navbatida, Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ulkan natijalar berayotganini taʼkidladi.

Yetakchilar Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini atroflicha koʻrib chiqdilar.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani taʼkidlandi.

Xususan, oʻtgan yilda tovar ayirboshlash rekord koʻrsatkich – 8 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 30 foizdan ortiq oʻsdi.

Oxirgi besh yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Keng koʻlamli iqtisodiy hamkorlik boʻyicha besh yillik dastur, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohada qoʻshma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, bunda elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi boʻyicha, eng avvalo, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xoʻjaligi va infratuzilma kabi sohalarda ilgʻor loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Xitoyning kambagʻallikka qarshi kurashish, hududlarni rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi ilgʻor tajribasini oʻrganish va joriy etishni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlat rahbarlari hududlar oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligini taʼkidladilar. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar Oʻzbekistonda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini oʻtkazish taklif etildi.

Mintaqamiz taraqqiyoti va transport jihatidan oʻzaro bogʻliqligi uchun strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirgʻiziston –Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini boshlash toʻgʻrisida tarixiy kelishuvga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Gumanitar hamkorlik, shu jumladan, sogʻliqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish, fan, taʼlim va madaniyat sohalaridagi qoʻshma dasturlarni kengaytirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Kelgusi yilda oʻzaro doʻstlik va anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan Oʻzbekiston va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yilini oʻtkazishga kelishib olindi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Afgʻonistonda tinchlik jarayoniga va iqtisodiy tiklanishga koʻmaklashish borasidagi saʼy-harakatlarni, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, “Markaziy Osiyo – Xitoy” mexanizmi doirasida tizimli hamkorlikni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

Xitoy yetakchisi Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini, buning natijasida tashkilotni kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlash boʻyicha muhim qarorlar qabul qilinganini yuksak baholadi.

Tadbir yakunida umumiy qiymati 15 milliard dollarlik ustuvor loyihalarni amalga oshirish boʻyicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikka doir kelishuvlar imzolandi.

Muzokaralar yakunida Si Szinpin Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni javob tashrifi bilan Xitoyga borishga taklif etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?