Oʻzbekiston va Italiya diplomatik munosabatlariga 30 yil toʻldi  

22:11 25 Mart 2022 Siyosat
840 0

Joriy yilning  25-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida  Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.  

Unda senatorlar, diplomatlar, JIDU professor-oʻqituvchilari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev tadbirni ochar ekan, Oʻzbekiston Italiyani betakror tarixiy-madaniy merosga ega mamlakat va ayni vaqtda dunyoning salmoqli iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va intellektual salohiyati bor yirik sanoat markazlaridan biri deb bilishini hamda Italiyaning xalqaro maydondagi, xususan, Yevropa Ittifoqi, G-7 va G-20 doirasidagi samarali faoliyatini katta qiziqish bilan kuzatib borishini taʼkidladi.

– Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi munosabatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda. Mamlakatlarimizning BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi qator masalalar boʻyicha yondashuvlari bir-biriga yaqin. Ayniqsa, keyingi yillarda Italiyaning Markaziy Osiyoga qiziqishi ortib bormoqda. Oʻtgan yilning dekabrida birinchi marta “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi muloqot oʻtkazildi. Hozirda munosabatlarni yuqori darajaga koʻtarishni niyat qilganmiz. Biz uchun ustuvor yoʻnalish – bu iqtisodiy hamkorlik. Italiya – dunyoning eng kuchli iqtisodiy rivojlangan markazlaridan biri. Shu nuqtayi nazardan toʻqimachilik, charm-poyabzal, aviasozlik, mashinasizlik, farmatsevtika, qurilish materiallari, neft va gaz sohalarida italiyalik sarmoyadorlarni jalb qilish va ular bilan hamkorlikni kengaytirishga eʼtiborni kuchaytiramiz, - dedi S. Safoyev.  – Qolaversa, fan, taʼlim, madaniyat sohasida hamkorlik tobora rivoj topmoqda. Xabaringiz bor, Toshkentda bir necha yil oldin Turin politexnika universitetining filiali ochilgan. Shu yilning oʻzida Toshkent va Buxoro shaharlarida Italiyaning yana ikkita oliygohi oʻz kampusini ochishi kutilmoqda.

1992-yildan beri oʻtgan davr ichida Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida konstruktiv siyosiy muloqot hamda savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning samarali mexanizmlari yoʻlga qoʻyildi.

Soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda ikki davlatning tashqi siyosiy idoralari va parlamentlari muloqoti hamda savdo-iqtisodiy va investitsiya hamkorligi, texnologik va sanoat taraqqiyoti yoʻnalishi uchun masʼul vazirlik va agentliklar oʻrtasidagi almashinuvlar sezilarli jadallashganini qayd etdi.

Ikki mamlakatning birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida davlatlararo savdoda barqaror oʻsish kuzatilmoqda, yaqin yillarda bu koʻrsatkich hozirgi 500million dollardan 1 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Qoʻshma sanoat loyihalari, jumladan, “Danieli”, “Pietro Fiorentini”, “Wood” va “Ferroli” kabi Italiya kompaniyalari bilan hamkorlik koʻlami ortib bormoqda.

Italiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostinno Pinna:

 – Men avvalo, muhim anjumanni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etilgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Negaki, Oʻzbekistonning boʻlgʻusi diplomatlari aynan shu dargohdan chiqadi. Bu uchrashuvga oʻzim bilan birga Markaziy Osiyo boʻyicha tadqiqotchi, professor olim Paolo Sartorini olib kelganman. Oʻzbekistonning oʻrta asrlarga oid tarixi va qoʻlyozmalari haqidagi maʼruzasi koʻpchilikka manzur boʻldi.

Biz Oʻzbekiston bilan qishloq xoʻjaligi, sanoat, ilgʻor texnologiyalar, tibbiyot kabi sohalardan tashqari arxitektura qurilishi borasidagi tajribamiz bilan oʻrtoqlashmoqchimiz. Shuningdek, Italiyaning zamonaviy texnologik kompaniyalari bilan maktab taʼlimini rivojlantirishda toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston umumtaʼlim maktablarida italyan tilini ommalashtirish, aniq fanlarni italyan tilida oʻqitish maqsadida italiyalik mutaxassislarni jalb qilish hamda Oʻzbekistonda imkoniyati cheklangan oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishlarini taʼminlash borasida hamkorlik istiqbollari yuqori, deb oʻylayman.

Muhokamalar jarayonida madaniyat, fan va taʼlim sohasidagi ikki tomonlama aloqa rishtalari alohida qayd etilib, Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona va oʻzaro manfaatli munosabatlar kelgusida ham ushbu mamlakatlarning xalqlari farovonligi yoʻlida yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?