Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari oʻrganildi

11:49 12 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
189 0

Maʼlumki, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik koʻlami yildan-yilga kengayib bormoqda. Oʻz navbatida mamlakatimizda investitsion loyihalarni amalga oshirish va eksport salohiyatidan keng foydalanishga hissa qoʻshish istagida boʻlgan xorijiy tadbirkorlar soni oshib borayotganligini taʼkidlash lozim.

Ushbu yoʻnalishdagi amaliy ishlar doirasida mamlakatimizning Dehli shahridagi Elchixonasida hindistonlik tadbirkor, “Curis Pharmaceuticals” kompaniyasi boshqaruvchi direktori A.V.Adil bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Suhbat davomida Oʻzbekistonda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlashni yaxshilash boʻyicha olib borilayotgan ishlar, ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida soʻz yuritildi. Bu borada respublikada faoliyat olib boruvchi farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari toʻgʻrisida hind tadbirkoriga batafsil maʼlumot berildi.

A.V.Adil mavjud shart-sharoitlarni ijobiy baholab, qayd etilgan farmatsevtika EIZlaridan birida dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirishni oʻrganib chiqishini maʼlum qildi.

Bundan tashqari, hind kompaniyasi vakili ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari, xususan, xalq hunarmandchilik mahsulotlarini nafaqat Hindistonda balki Yaqin Sharq mamlakatlarida eksporti hamda turizm sohalarida ulkan salohiyat mavjud ekanligini bildirdi.

Xususan, bugungi kunda dunyodagi pandemiya bilan bogʻliq vaziyat barqarorlashgach, Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga “ziyorat turizmi” va boshqa yoʻnalishlarda sayyohlik guruhlarini faol tashkil etish imkoniyati taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?