Oʻzbekiston va Hindiston yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar

20:33 16 Sentyabr 2022 Siyosat
703 0

Foto: president.uz

16-sentyabr kuni Samarqandda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni Hindiston mustaqilligining 75 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

Tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish surʼatlari mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar hamkorlikni oʻzaro manfaatli barcha yoʻnalishlarda yanada kengaytirish borasida birgalikda ishlashga tayyor ekanliklarini taʼkidladilar.

Yetakchilar oʻzaro savdo hajmi oshib borayotganini koʻrsatib oʻtdilar. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash 30 foizga oʻsdi. Keyingi olti yilda qoʻshma korxonalar soni 5 barobar koʻpaydi.

IT, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Yaqin yillarda oʻzaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, fan va taʼlim sohalarida hamkorlik qilish dasturlarini, shuningdek, investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish bitimini tez fursatda qabul qilish va amalga oshirish zarurligi aytildi.

Ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Hindiston bilan transport aloqalarini, shu jumladan “Chobahor” portidan foydalangan holda mustahkamlashdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi boʻldi. Keyingi yillarda Oʻzbekistonda Hindistonning uchta universiteti ochildi.

Birinchi “Hindiston – Markaziy Osiyo” onlayn sammitining yakunlari yuksak baholandi, ushbu platforma doirasida qabul qilingan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish muhimligi qayd etildi. Hindiston tomoniga BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini qoʻllab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Afgʻonistonga insonparvarlik yordamini koʻrsatish va uning iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Narendra Modi Oʻzbekistonning bu boradagi saʼy-harakatlarini olqishladi.

Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida qoʻshma loyiha va dasturlarni ilgari surish boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrishga kelishib olindi.

Uchrashuv ochiq, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?