Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar yanada mustahkamlanadi

15:11 09 Aprel 2024 Siyosat
379 0

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat yuritish, qoʻshni davlatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini jadal rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirmoqda. Ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar natijasida nafaqat yaqin qoʻshnilarimiz, balki iqtisodiy jihatdan yetakchi davlatlar bilan ham teng manfaatli hamkorlik yuqori pogʻonaga koʻtarilmoqda.

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Gruziya Parlamenti Raisi Shalva Papuashvili boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida delegatsiya aʼzolariga «Oʻzbekiston — 2030» strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini roʻyobga chiqarish borasidagi saʼy-harakatlar hamda Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati, palataning qoʻmitalari, komissiyalari hamda deputatlarning asosiy vazifalari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumotlar berildi.

Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston — Gruziya oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Oʻz navbatida, Shalva Papuashvili soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalarini alohida eʼtirof etdi. Shuningdek, amaliy ruhdagi uchrashuvlarni izchil davom ettirish, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash ikki tomon manfaatlariga birdek xizmat qilishini qayd etdi.

Uchrashuvda, shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik, transport-kommunikatsiya, toʻqimachilik, elektrotexnika, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar koʻlami tobora kengayib borayotgani xususida ham soʻz yuritildi.

Samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер