Oʻzbekiston va Fransiya Prezidentlari Luvrda “Oʻzbekiston vohalari xazinalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasini ochdilar

Foto: president.uz
Yelisey saroyida oʻtgan oliy darajadagi muzokaralardan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron rafiqalari bilan Parijdagi Luvr muzeyida boʻldilar.
Luvr dunyodagi eng katta va eng koʻp tashrif qilinadigan muzeylardan biri boʻlib, eng yirik va qimmatli badiiy asarlar toʻplamiga ega. Har yili bu yerga 10 millionga yaqin sayyoh keladi.
Xalqimizning boy madaniy merosiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston vohalarining moʻjizalari. Karvon yoʻllari chorrahasida” koʻrgazmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning oktyabr oyida Fransiyaga amalga oshirilgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq tashkil etildi. Davlatimiz rahbari oʻshanda Oʻzbekiston va Fransiya muzeylari hamkorligida koʻrgazmalar tashkil etish, mamlakatlarimiz oʻrtasida ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish zarurligini qayd etgan edi. Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Luvr muzeyi oʻrtasida tegishli memorandum imzolandi.
Keyingi uch yil davomida koʻrgazmalarga puxta tayyorgarlik koʻrildi. Bir nechta Oʻzbekiston va Fransiyaning birgalikdagi ekspeditsiyalari uyushtirilib, koʻplab arxeologik topilmalar kashf qilindi. Bundan tashqari, Luvr restavratsiyachilari va mamlakatimiz mutaxassislari bir nechta bosqichdan iborat keng koʻlamli tiklash tadbirlarini amalga oshirdi.
Bu ishlar natijasida Luvrning Rishelye zali va Islom boʻlimida xronologik ketma-ketlikda joylashtirilgan beshta boʻlimdan iborat katta koʻrgazma makoni yaratildi. Bular - “Voha davlatlari va podshohliklari davri: Ipak yoʻlidagi madaniyatlarning muloqoti”, “Oʻrta asrlar va sanʼatning gullab-yashnashi”, “Markaziy Osiyoda islomning tarqalishi, madaniyat va fanda Uygʻonish davri”, “Ibn Sinodan Chingizxongacha”, “Buyuk imperiyalar davri: Temuriylar va Shayboniylar”.
Yurtimiz tarixining 1500-yildan ortiq davrini qamrab olgan koʻrgazma mamlakatimizning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo, shu jumladan koʻrgazma uchun maxsus restavratsiya qilingan 70 ta eksponatdan iborat. Shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSHning yirik muzeylaridan keltirilgan 31 ta buyum koʻrgazmadan joy oldi.
Koʻrgazmaning ilk mehmonlari boʻlgan Oʻzbekiston va Fransiya yetakchilari Dalvarzintepa va Xolchayon yodgorliklaridan topilgan eksponatlar, Varaxshadagi qizil rangli xonadan devoriy surat, Kofirqalʼadan oʻymakor panno, Katta Langar Qurʼoni sahifalari, Amir Temur maqbarasidan qoʻsh eshik, Afrosiyobdagi elchilar tasviri tushirilgan devoriy surat va boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. Ularning yaratilishi va topilishi, ular bilan bogʻliq tarixiy davrlar va shaxslar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Davlat rahbarlari koʻrgazma yuksak darajada tashkil etilgani va unda oʻziga xos muhit yaratilganini taʼkidlab, ikki mamlakatning madaniy hayotida muhim oʻrin tutuvchi ushbu tadbirni tayyorlashga hissa qoʻshganlarga minnatdorlik bildirdilar.
Luvrdagi koʻrgazma nafaqat Oʻzbekiston va Fransiya xalqlari, balki butun Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi azaliy tarixiy aloqalarni, doʻstlik va oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Koʻrgazma 2023-yil 6-mart kuniga qadar davom etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2023-yildan avtomobil narxi pasaydi — UzAuto Motors
- Oʻzbekiston Prezidentining 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bir qator muassasalarga tashrifi jarayonlaridan “Xalq soʻzi” muxbiri fotoreportaji
- Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 18 milliard yevro miqdoridagi yangi yordam paketi ajratdi
- AQSH Gʻarbni Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishga chaqirmoqda
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Yevropada bir vaqtning oʻzida ham gripp, ham koronavirusni yuqtirgan bemorlar koʻpaymoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring