Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi

23:12 06 Iyul 2022 Siyosat
807 0

Joriy yilning 6-iyul kuni Bryussel shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni (KSHHTB) imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

Yangi bitim Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida 1996-yilda imzolangan amaldagi sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim oʻrniga ishlab chiqilgan hamda ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi koʻzda tutilgan.

Amaldagi Bitim asosan siyosiy muloqot, demokratiya, inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, madaniy aloqalarni ilgari surish, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish borasidagi qoidalarni oʻz ichiga oladi.

KSHHTB kengroq masalalarni qamrab oladi. Ular orasida savdo va unga tegishli masalalar, shu jumladan, bojxona maʼmurchiligi, texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat korxonalarining faoliyati, davlat xaridlari, nizolarni hal qilish va boshqa sohalar bilan bogʻliq qoidalardan iborat. Bundan tashqari, yangi Bitim Jahon savdo tashkilotining asosiy qoidalarini oʻz ichiga olgani natijasida investitsiyaviy sheriklik, tovarlar, xizmatlar va intellektual mulk savdosi sohalaridagi munosabatlar doirasi sezilarli darajada kengaytirildi.

Shuningdek, KSHHT bitimi tashqi siyosat, xavfsizlik, mojarolarning oldini olish va risklarni boshqarish, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, boshpana berish va chegaralarni boshqarish, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash, terrorizmga qarshi kurash kabi yangi sohalarni oʻz ichiga oladi.

Shuni taʼkidlash kerakki, yangi bitim endi hadli boʻlmasdan, balki Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida, boshqa yoʻnalishlar qatorida, savdo-iqtisodiy aloqalar sohasida keng koʻlamli hamkorlikning toʻlaqonli mexanizmini yaratadi.

KSHHTB loyihasi boʻyicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlangan va 2022-yil iyun oyi oxirida yakunlangan. Ushbu davr mobaynida ekspertlar, bosh muzokarachilar hamda hukumat aʼzolari darajasida 10 raund muzokaralar va 150 dan ortiq uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Shubhasiz, KSHHTB Oʻzbekistonning koʻp tomonlama savdo tizimiga yanada integratsiyalashuviga yordam beradi, bozor iqtisodiyoti mexanizmlarini mustahkamlaydi, xorijiy investorlar va ishbilarmon doiralarning mamlakatga boʻlgan ishonchi va qiziqishini oshiradi, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun Yevropa Ittifoqi mamlakatlari hamkorlari bilan savdo sohasida hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Marosim davomida tomonlar Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash va uning kuchga kirishi uchun zarur huquqiy tartib-taomillarni nihoyasiga yetkazish, shundan soʻng uning toʻliq va sifatli hayotga tatbiq etilishini taʼminlash uchun birgalikda ishlashga tayyorliklarini taʼkidladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?