Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya Adliya vazirliklari tartibga solish taʼsirini baholash sohasida tajriba almashdi

14:22 15 Yanvar 2022 Jamiyat
521 0

Adliya vazirligi tomonidan Buyuk Britaniyaning qonunchilik hujjatlarini tartibga solish taʼsirini baholash sohasidagi tajribasi bilan yanada kengroq tanishi maqsadida Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida Buyuk Britaniya Adliya vazirligi bilan hamkorlikda «Qonunchilik hujjatlari va ularning loyihalarini tartibga solish taʼsirini baholash: Buyuk Britaniya tajribasi» mavzusida oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi.

Oʻquv-amaliy seminarda Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi hamda boshqa vazirlik va idoralarning masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Buyuk Britaniya Adliya vazirligining masʼul xodimlari Jonatan Xant va Endryu Mids tomonidan Buyuk Britaniyada tartibga solish taʼsirini baholashning asosiy prinsiplari va ularning tartibga solish siyosatga taʼsiri, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda “aqlli tartibga solish” usullarining roli va bunday tartibga solishni qoʻllash amaliyoti haqida batafsil maʼlumot berildi.

Buyuk Britaniyalik mutaxassislar tomonidan tartibga solish tizimining amalda samarali qoʻllanilishi uchun davlat tomonidan doimiy ravishda eʼtibor qaratilishi, jumladan, baholash jarayonlariga katta miqdordagi moliyaviy mablagʻlar ajratilishi, bu orqali biznes subyektlari hamda davlat byudjeti uchun yuzaga keladigan ortiqcha resurslar sarflanishining oldi olinishi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Tadbir ishtirokchilari Buyuk Britaniyada tartibga solish taʼsirini baholash jarayonida davlat organlari va jamoatchilikning ishtiroki, baholashni amalga oshirishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan holatlar, tartibga solish taʼsirini baholash tizimini samarali yoʻlga qoʻyishdagi qilingan amaliy ishlar kabi oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Tadbir ishtirokchilarga Oʻzbekistonda joriy etilgan tartibga solish taʼsirini baholashning yangi tizimi, shuningdek, sohada 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.

Seminar yakunida tomonlar, Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya Adliya vazirliklari oʻrtasida qonunchilik hujjatlarini tartibga solish taʼsirini baholash sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ishlarni davom ettirish, tajriba almashish maqsadida amaliy tashriflarni tashkil etishga kelishib oldilar.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?