Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

16:17 02 Dekabr 2020 Siyosat
520 0

Bugun, 2-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va istiqbollari, mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida Prezident Ashraf Gʻani Afgʻonistonning koʻp millatli xalqi nomidan Oʻzbekiston rahbariga afgʻonlararo tinchlik jarayonini har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani hamda ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, shu jumladan koronavirusga qarshi kurashish davrida amaliy yordam koʻrsatayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Prezidentlar ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik surʼati ortib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Pandemiya oqibatlariga qaramay, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli koʻpaydi, biznes aloqalari faollashdi. Ikki mamlakat tadbirkorlari uchun noyob imkoniyatlarga ega “Termiz” xalqaro savdo markazi tashkil etildi.

Savdo hajmini ikki barobar koʻpaytirish uchun huquqiy bazani takomillashtirish, savdo uylari tarmogʻini kengaytirish va yangi kooperatsiya loyihalari toʻplamini shakllantirish masalalari oʻrganilmoqda.

Gumanitar sohada qator muhim qoʻshma tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Xususan, joriy yil oktyabr oyida Afgʻonistonda ilk bor Oʻzbek tili bayrami davlat darajasida nishonlandi. Bundan tashqari, Termiz shahridagi Taʼlim markazi negizida afgʻonistonlik mutaxassislarni tayyorlash davom etmoqda, shuningdek, sogʻliqni saqlash sohasida salmoqli dasturlar amalga oshirilyapti.

Prezidentlar oʻtgan hafta boʻlib oʻtgan Afgʻoniston boʻyicha Jeneva xalqaro konferensiyasining asosiy natijalarini yuksak baholadilar.

Mintaqada oʻzaro bogʻliqlikni yana-da mustahkamlash, Afgʻonistonni xalqaro savdo-iqtisodiy aloqalarga integratsiya qilishga qaratilgan ustuvor loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Transafgʻon temir yoʻl yoʻlagini barpo etish loyihasini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yetakchi mamlakatlar va xalqaro moliyaviy institutlarga qoʻshma murojaat yoʻllashga kelishib olindi. “Surxon – Puli Humri” yoʻnalishida elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini jadallashtirish masalalari muvofiqlashtirildi.

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va keng koʻlamli sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga intilish qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Suhbat har doimgidek konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?