Oʻzbekiston umumiy maydonining 15 foizi «yashil hudud"ga aylantiriladi

20:26 08 Yanvar 2022 Jamiyat
708 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda “Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni loyihasi muhokama qilindi.

Yigʻilishda fraksiya rahbari X.Gʻafforov xalq muhokamasiga qoʻyilgan Strategiya loyihasi yetti yoʻnalishdan iborat boʻlib, unda ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha yoʻnalishlari qatori ekologiya va atrof muhit muhofazasi masalalari ham oʻrin olganini alohida taʼkidladi.

Taraqqiyot strategiyasi loyihasining oltinchi yoʻnalishi umumbashariy muammolarni milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish maqsadida Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqish, Orol dengizi qurishi salbiy oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni jadallashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Bugungi kunda mamlakatimizdagi “yashil” hududlar maydoni qoʻshni davlatlar koʻrsatkichidan past boʻlib, bu borada tizimli ravishda oʻrmonlashtirish choralarini koʻrish talab etiladi. Strategiya loyihasining “yoʻl xaritasi”da davlatimiz rahbari tomonidan oʻtgan yili ilgari surilgan “yashil makon” umummilliy loyihasini har yili oʻtkazish orqali yiliga 200 million tup daraxt ekish mamlakat umumiy maydonining 15 foizini “yashil” hududga aylantirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubida keyingi 5 yillikda 2,5 million gektarga oʻrmonlashtirish ishlarining olib borilishi kelgusida Orolboʻyida inson xavfsizligi uchun ekologik maqbul hudud barpo etishga zamin yaratadi.

Qayd etilganidek, antropogen faoliyat mamlakatimizda milliardlab tonna turli chiqindilarni toʻplanishiga sabab boʻldi. Ular bugungi kunda minglab gektar maydonni egallash bilan birga, atrof-muhitga, inson salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Chiqindilarni yigʻish va qayta ishlash koʻrsatkichlarini ham ijobiy, deb baholab boʻlmaydi.

Strategiya loyihasining “yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlar asosida chiqindilarni yigʻishni 100 foizga, qayta ishlash darajasini 21 foizdan 50 foizga yetkazish nazarda tutilayotgani eʼtiborga molikdir.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Ekologik partiyasining asosiy maqsadi atrof muhitni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash orqali ekologik barqarorlikka erishish ekanligi aytilib, partiya gʻoyalaridan kelib chiqqan holda farmon loyihasiga bir qator takliflar berildi.

Yigʻilishda deputatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgan muhim qonun loyihalarini qizgʻin muhokama qilib, ularni qoʻllab-quvvatladilar.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер