Oʻzbekiston — Turkmaniston: Koronavirusga qarshi kurash maqsadida qoʻshma tuzilma tashkil etiladi 

20:05 11 Dekabr 2020 Siyosat
775 0

11-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkmaniston yetakchisi va qardosh turkman xalqini ushbu mamlakat Betarafligining 25 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik, farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tiladi.

Muloqot chogʻida ikki tomonlama hamkorlikka oid va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Prezidentlar Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani va bugun ular jadal surʼatda rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xoʻjaligi, energetika, transport va tranzit, hududlararo rishtalar va gumanitar dasturlar kabi muhim sohalardagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi.

Amaliy hamkorlikning yangi shakllarini yoʻlga qoʻyishga hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash borasida tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida qoʻshma tuzilma tashkil etishga kelishib olindi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni soʻzsiz roʻyobga chiqarishda qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning samarali ishi va faol idoralararo muloqot muhim oʻrin tutishi alohida taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari jahondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdilar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi anʼanaviy yaqin muloqotlarni va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.

Prezidentlar mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga alohida toʻxtaldilar, shuningdek, boʻlajak MDH sammitiga tayyorgarlikni muhokama qildilar.

Suhbat har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер