Oʻzbekiston travmatologlari yutuqlari MDH shifokorlari tomonidan eʼtirof etildi

16:59 18 Dekabr 2023 Jamiyat
218 0

Rossiyaning Moskva shahri 10 dan ziyod davlatlardan delegatlar ishtirok etgan “Priorov oʻqishlari” Butunrossiya X ilmiy-amaliy konferensiyasiga mezbonlik qildi.

Ushbu nufuzli anjuman N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya milliy tibbiy tadqiqot markazi hamda Rossiya travmatolog-ortopedlar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov boshchiligidagi oʻzbekistonlik bir guruh soha mutaxassislari ham 10 ga yaqin maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Xususan, vakillarimizning “COVID-19 asorati boʻlgan son suyagi boshchasining aseptik nekrozi diagnostikasi va davolash usullari, «Chanoq-son boʻgʻimi ogʻir displaziyasida endoprotezlash”, “Qariyalarda son suyagining proksimal siniqlarida chanoq-son boʻgʻimini endoprotezlash tajribasi”, “Tizza boʻgʻimining ogʻir holatlarida endoprotezlash” mavzularidagi chiqishlari qatnashchilarda katta qiziqish oʻygʻotdi.

Ertasi kuni Hamdoʻstlik davlatlari travmatologiya va ortopediya markazlari direktorlari ishtirokidagi davra suhbatida yurtimizda bu sohada yoʻlga qoʻyilgan innovatsion diagnostika hamda muolaja usullariga yuqori baho berildi.

Jumladan, qoʻshni Tojikiston vakillari oʻz mamlakatida oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan tashkil etilgan “Ponseti maktabi” oʻquv kursi samaradorligini alohida eʼtirof etdi hamda bolalarda chanoq-son boʻgʻimi displaziyasida ultratovush diagnostikasi mahorat darslarini oʻtkazish taklifini bildirdi.

Shuningdek, Rossiya mutaxassislari xalqaro hamkorlik borasida yurtimiz tajribasi ommalashtirishga loyiq ekanligini qayd etdi.

Yakunda N.Priorov nomidagi travmatologiya va ortopediya milliy tibbiy tadqiqot markazi bilan yirik boʻgʻimlarni endoprotezlashda robot texnologiyasi, umurtqa pogʻonasi kasalliklarida perkutan endoskopik amaliyotlari boʻyicha hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Binobarin, shu kuni boʻlib oʻtgan “Yosh olimlar konferensiyasi»da vakillarimiz umurtqa pogʻonasi boʻyin qismining disklararo churralarini jarrohlik yoʻli bilan davolashda endoskopik mikrodiskektomiya usuli hamda revmatoidli artritga chalingan bemorlarni medial stabillikli protez bilan total endoprotezlash amaliyoti borasidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?