Oʻzbekiston – Tojikiston: oʻzaro munosabatlar yangi oʻsish bosqichida

17:50 11 Iyun 2021 Siyosat
299 0

Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlarini birodarlikning oʻziga xos rishtalari bogʻlab turadi. Asrlar mobaynida yonma-yon, bir oila aʼzolaridek, ahil-inoq yashab kelayotgan bu ikki xalq xursandchilikda ham, gʻamda ham doimo birga boʻlganlar. Bu ikki tilda soʻzlashuvchi bir xalqdir.

Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli qoʻshni mamlakatlarning munosabatlari teng huquqli va oʻzaro manfaatli amaliy hamkorlikning yangi darajasiga koʻtarildi. Ikki mamlakat xalqlari soʻnggi bir necha yil ichida oʻzbek-tojik munosabatlari rivojida yuz bergan beqiyos oʻzgarishlarning shohidi boʻlmoqdalar.

Bularning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi davomida oʻz aksini topdi. Yuqori darajadagi uchrashuvlar davomida oʻzbek-tojik mamlakatlarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sherikchilik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar strategik sherikchilikni rivojlantirish uchun aniq choralarni amalga oshirishga qatʼiy sodiqligi va tayyorliklarini bildirdilar. Aytish joizki, OʻzLiDeP faollari va uning deputatlik korpusi umumiy tarix, madaniyat, din, maʼnaviy qadriyatlar va anʼanalarni chambarchas bogʻlab turgan Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlarining koʻp asrlik doʻstona aloqalarini qadrlaydilar.

Ishonchli munosabatlar darajasi shu bilan belgilanadiki, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning «tet-a-tet» formatida boʻlib oʻtgan uchrashuvida ikkala davlat rahbarlari oʻzbek-tojik strategik sherikchiligi, koʻp qirrali oʻzaro harakatlarini har tomonlama koʻrib chiqib, konstruktiv siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.

Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va qatʼiy rivojlanish, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida oʻzaro harakat masalalari boʻyicha fikr almashildi.

Shu nuqtayi nazardan biz tadbirkorlar, ishbilarmonlar va fermerlar manfaatlarini himoya qiluvchi partiya sifatida rasmiy tashrif natijalarini tahlil qilishda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning aniq loyihalarini uzoq muddatli istiqbolga ilgari surishga koʻmak beruvchi koʻp qirrali oʻzaro harakatlardagi oʻsha yangi “oʻsish nuqtalari”ga alohida eʼtibor qaratdik.

Albatta, buning uchun zarur baza ham mavjud. Masalan, 2017-yilda tovar aylanmasi 70 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yil natijalariga koʻra, hatto pandemiya sharoitlariga qaramay, bu koʻrsatkich 500 million dollarni tashkil etdi. Tashrif oldidan mintaqalar forumi oʻtkazilib, unda tahminan 700 million dollar miqdordagi aniq loyiha va bitimlar imzolandi.

Partiyamiz yangi “oʻsish nuqtalari” kelasi yildan boshlab tovar aylanmasining ikki barobar oʻsishiga turtki boʻlishi kerak, deb hisoblaydi. Elektoratimiz tomonidan tovar aylanmasini oshirish, viloyatlar salohiyatini ishga solish, iqtisodiyotning turli sohalarida sanoat kooperatsiyasini oshirish, transport sohasida oʻzaro harakatni, xususan, ikkala mamlakat shaharlari oʻrtasidagi transport aloqalarini kengaytirish kabi hamkorlik yoʻnalishlari ajratib koʻrsatilmoqda.

Fikrimizcha, oʻzaro mahsulotlar yetkazishni kengaytirish, uchinchi dunyo mamlakatlari bozoriga birgalikda chiqish imkoniyatlarini izlash zarur. Ishonchimiz komilki, Tojikiston tomon bilan erkin savdo tartibidagi musodara qilishlarni bekor qilish va tarifsiz toʻsiqlarni bartaraf qilish muammolari boʻyicha kelishib olish lozim. Chegaraoldi hududlari tadbirkorlari Tojikiston bilan hamkorlikda Chegaraoldi savdo markazi tashkil etish tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlaydilar.

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi keyingi “oʻsish nuqtasi” ikki mamlakat viloyatlari hamda yetakchi korxonalari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirish boʻlishi mumkin. Bu ikkala mamlakatda oʻzbek avtomobillarini yigʻish, zamonaviy transformatorlar, qishloq xoʻjalik asbob-uskunalari, maishiy texnika, kalava ip va gazlama ishlab chiqarishni rivojlantirish va boshqa qoʻshma loyihalarga taalluqlidir.

Bularning barchasini ilgʻor chet el tajribasi asosida yangi qoʻshma investitsiya kompaniyasi doirasida tashkil etish va uning imkoniyatlaridan maksimal ravishda loyihalarni ilgari surishda foydalanish mumkin. Bu borada qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” alohida eʼtiborga molik.

Oʻsish sharoitlarida Oʻzbekiston va Tojikiston iqtisodiyoti ikkala mamlakatning ulkan gidroenergetik salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari boʻyicha oʻzaro manfaatli muloqotni amalga oshirishni talab etadi. Zarafshon daryosida GES qurish toʻgʻrisidagi loyiha boʻyicha qoʻshma aksionerlik jamiyati tashkil etish haqidagi kelishuv bu yoʻnalishdagi aniq qadamlardan biri boʻldi.

Shu va boshqa “oʻsish nuqtalari” Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari tomonidan imzolangan Qoʻshma bayonotda aks etgan boʻlib, unda ikki mamlakat oʻrtasida koʻp qirrali oʻzaro manfaatli hamkorlik, strategik sherikchilik munosabatlarini yana-da rivojlantirish, kengaytirish boʻyicha asosiy kelishuvlar uzoq muddatli vazifalar belgilangan. Energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika, togʻ-kon va yengil sanoat, ilm-fan, taʼlim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan 35 ta hujjat shular jumlasidandir.

Mubolagʻasiz aytish mumkinki, keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan oʻzgarishlar roʻy berdi. Ularni Oʻzbekiston va Tojikistondagi millionlab odamlar oʻz hayotida his etmoqda. Bu Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarining yangi modeli, yangi muhitida oʻz aksini topmoqda. Barcha saʼy-harakatlar va amaliy ishlar xalqlarimiz manfaatlari va orzu-intilishlariga toʻliq mosligi yana-da ahamiyatlidir.

Prezidentimiz oʻz vazifasiga kirishgan ilk kunlardanoq oʻzaro munosabatlardagi muzlar eridi, xalqlarimiz bir-biri bilan yana topishdi. Yillar davomida qarindosh-urugʻlari, doʻstlari va yaqinlari bilan diydor koʻrishish imkonidan bebahra boʻlgan odamlarning kayfiyati ham oʻzgardi. Oʻzbekiston va Tojikistonning mana shu 4-5 yil ichida oʻzaro munosabatlarda erishgan yutuqlarini boshqa mamlakatlarga bemalol namuna qilib koʻrsatsa boʻladi. Buni xalqaro ekspertlar ham eʼtirof etayotir.

Xulosa shuki, boʻlib oʻtgan rasmiy tashrif natijalari ikki birodar davlat va xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish, koʻp qirrali sherikchilikni kengaytirish boʻyicha yangi aniq natijalarga erishish uchun mustahkam negiz yaratdi. Bu munosabatlarimizda yangi davr boshlanganidan dalolatdir.

Aktam Haitov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?