Oʻzbekiston Afgʻonistonga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishda davom etadi

00:10 01 Dekabr 2021 Siyosat
499 0

Arxiv surat

2021-yilning 30-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Kobul shahriga tashrif buyurib, Afgʻoniston Muvaqqat hukumati vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. 

Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, tashrif davomida Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, Tashqi va Ichki ishlar, Jamoatchilik, Energetika va Iqtisodiyot vazirliklarida muzokaralar olib borildi. Mamlakatdagi mavjud vaziyat, Afgʻoniston xalqiga insonparvarlik va boshqa yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlar, energetika va transport sohalarida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Afgʻoniston Muvaqqat hukumat vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu sinovli damlarda afgʻon xalqini faol qoʻllab-quvvatlayotgani, mamlakatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishiga koʻrsatayotgan yordami, yangi hukumat tomonidan afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan qaratilgan saʼy-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston tomonidan elektr energiyasini uzluksiz yetkazish, Oʻzbekiston — Afgʻoniston davlat chegarasi ish tartibini davom ettirish, Mozori Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklashga koʻmaklashish, insonparvarlik yordamini oʻz vaqtida koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berildi.

Afgʻoniston tomoni Oʻzbekiston tashabbusi bilan boshlangan Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Mozori Sharif-Kobul-Peshovar temir yoʻli qurilishi kabi infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni imkon qadar tezroq boshlashga tayyorligini tasdiqladi. Bu loyihalar mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga bosqichma-bosqich jalb etishning asosiy omiliga aylangan integratsiya va oʻzaro bogʻliqlikka xizmat qiladi.

Afgʻoniston vakillari Oʻzbekiston tomonini Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga, umuman, butun dunyoga zarracha tahdid ham hech qachon ushbu davlat hududidan kelmasligiga ishontirdi.

Afgʻonistonning yangi hukumati Oʻzbekiston bilan birgalikda ikki mamlakat xalqlarining buyuk ajdodlari – Alisher Navoiy (Hirot), Zahiriddin Bobur (Kobul), Abu Rayhon Beruniy (Gʻazna) va Boborahim Mashrab (Tahor) qoʻnim topgan maskanlarda obodonlashtirish ishlarini olib borishga tayyorligini bildirdi. Mamlakat maktablari va oliy oʻquv yurtlarida oʻzbek tilini oʻrganishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Afgʻoniston tomoni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida ikki mamlakat xalqlari manfaatlari yoʻlida Oʻzbekiston bilan birodarlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishini bundan keyin ham davom ettirishga qatʼiy ekanini tasdiqladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?