"Oʻzbekiston temir yoʻllari” vagonlarining 80 foizidan ziyodi eskirib ketgan

17:14 05 Oktyabr 2020 Jamiyat
238 0

Bu haqda bugun Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisida aytib oʻtildi. 

Majlisda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosi holatiga eʼtibor qaratildi.

Temir yoʻl sohasida raqobatbardoshlikni oshirish va raqobat muhitini rivojlantirish holatiga salbiy taʼsir etuvchi bir qator omillar mavjudligi toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Qayd etilganidek, ichki bozorda raqobatning mavjud emasligi sababli “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qoʻllashdan manfaatdor emas.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda ixtisosli boʻlmagan aktivlarning mavjudligi temir yoʻl sanoatini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan katta hajmdagi moliyaviy mablagʻlarni jalb etish imkoniyatini cheklamoqda.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan bugungi kunda mijozlar uchun nihoyatda koʻp qulaylik yaratadigan raqamli mahsulotlarni qoʻllash tizimi sust tashkil etilgan.

Yana bir jihat. Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ inventar parkining eskirish darajasi yuqori boʻlib, vagonlar yetishmaydi. Mavjud barcha vagonlarning 80 foizidan koʻprogʻining yosh tarkibi 30 yildan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tizimida raqobatni cheklashning turli shakllari qoʻllanib kelinmoqda. Xususan, jamiyat faqat 4 ta ekspeditorlik tashkiloti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan. Boshqa ekspeditorlarning faqat ushbu tashkilotlar orqali faoliyat olib borishlari tashkil etilib, bu esa ishtirokchilarga tovar, moliya va xizmatlar bozorlarida tengsizlikni keltirib chiqarmoqda.

Aholiga xizmat koʻrsatish tizimida vokzallarga kirish tartibi haddan tashqari tartibga solinib, byurokratik tamoyillarning kuchaytirib yuborilganligi natijasida vokzallarning oʻzini-oʻzi taʼminlashi uchun imkoniyatlardan yuqori darajada foydalanish mumkin boʻlgan xalqaro tajribalar amalga qoʻllanilmasdan kelinmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?