Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri AQSHning Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili bilan uchrashdi

20:38 02 May 2021 Siyosat
292 0

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Amerika Qoʻshma Shtatlarining Afgʻonistondagi yarashish masalalari boʻyicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda TIV xabar berdi. 

Suhbat chogʻida Afgʻonistondagi mojaroni hal qilinishining hozirgi holati va istiqbollari, mazkur jarayonga koʻmaklashish mexanizmlari muhokama qilindi.

AQSH maxsus vakili Oʻzbekiston tomonining Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Afgʻonistonga koʻrsatayotgan har tomonlama koʻmagini yuqori baholadi.

Tomonlar tinch, barqaror va suveren Afgʻonistondan umumiy manfaatdor ekanliklarini taʼkidladi. Mazkur mamlakatda uzoq yillik urushga yakun yasaydigan har tomonlama siyosiy kelishuvga erishish uchun manfaatdor tomonlarning qoʻllab-quvvatlashining dolzarbligi va muhimligi qayd etildi.

Mojaroni harbiy yoʻl bilan hal qilish imkoni yoʻqligi toʻgʻrisida umumiy xulosaga kelindi. Oʻzbekiston va AQSH afgʻonlararo inklyuziv muzokaralarni qoʻllab-quvvatlashga va mintaqaviy savdoni rivojlantirishga, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga hamda Afgʻonistonning mintaqaviy jarayonlarga integratsiyasini tezlashtiradigan tashabbuslar ustida birgalikda ishlashga kelishib oldi.

Eslatib oʻtamiz, AQSH maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining (DFC) Bosh ijrochi direktori Adam Boyler 2020-yilning 29-iyun – 1-iyul kunlari Oʻzbekistonga tashrif buyurib, qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazgan. Oʻtkazilgan muloqotlarda Afgʻoniston va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida iqtisodiy, transport va kommunikatsiya aloqalarini kengaytirishga hissa qoʻshadigan qator loyihalarni moliyalashtirish uchun DFC mablagʻlarini jalb etish yuzasidan oʻzaro fikr almashilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?