Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri AQSHdagi vatandoshlar bilan uchrashdi

11:22 26 Sentyabr 2022 Siyosat
652 0

BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etish uchun AQSHga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qoʻshma Shtatlarning yetakchi banklari, fondlari, IT-kompaniyalari, nufuzli oliy oʻquv yurtlari va tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan yuqori malakali vatandoshlarimiz bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Xususan, muloqotda “Oppenheimer” bankining boshqaruvchi direktori Farhod Inogambayev, “Missed.com” va “Jafton.com” IT-kompaniyalar asoschisi Bobir Akilxanov, «Credit Exim» xolding kompaniyasi direktori Dilmurov Asqarov, «New York Life Insurance» sugʻurta kompaniyasi xodimi Dilshod Rahmonov, «Ernst & Young» kompaniyasi maslahatchisi Kamol Mavlonov, «4 Oak Capital» developerlik kompaniyasi asoschisi Farhod Muradov, «Rx2go» logistika kompaniyasi muassisi Erkin Sattarov, Sirakuza universiteti doktoranti Mirjaxon Turdiyev, Garvard universiteti doktoranti, «Dana Farber» saratonni davolash instituti xodimi Nilufar Qahhorova, “Amazon” kompaniyasining biznes-tahlil boʻyicha muhandisi Shahlo Xojayeva, «Betaworks Ventures» jamgʻarmasi investori Zafar Mirzaliyev, shuningdek, «Poetica Coffee» kofe tarmogʻining taʼsischisi Parviz Muhamadqulov ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston hukumatining xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha asosiy ustuvor yoʻnalishlari, ular uchun Oʻzbekistonda investitsiya, taʼlim, ijtimoiy-gumanitar va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar haqidagi maʼlumotlar vatandoshlar eʼtiboriga havola etildi.

Diasporamiz aʼzolari Oʻzbekiston emitentlariga, shu jumladan banklar va xususiy kompaniyalarga texnik yordam koʻrsatishni davom ettirishga, shuningdek, Vashingtondagi institutsional investorlar bilan Oʻzbekiston moliya sektori vakillari uchun uchrashuvlar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Taʼlim yoʻnalishi boʻyicha AQSH universitetlarida oʻzbekistonlik oʻqituvchi va talabalari uchun amaliyotlarni tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Oʻzbekiston va AQSH tibbiyot muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, klinik treninglar oʻtkazish, davolash protokollarini birgalikda takomillashtirish yoʻllari muhokama qilindi.

Oʻzbekistonlik yoshlarni IT-mutaxassislik boʻyicha oʻqitish, taʼlimda Amerikaning ilgʻor tajribasini, yangi metodologiyalar va amaliyot dasturlarini joriy etishga hamda startaplarni ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Prezidentining Farmoni bilan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan «Amazon» kompaniyasining biznes-tahlil boʻyicha muhandisi Shahlo Xojayevaga ushbu yuksak mukofotni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Sh.Xojayeva Oʻzbekiston Prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu yuksak mukofot hukumatning xorijdagi vatandoshlarga boʻlgan munosabatining toʻliq oʻzgarishidan dalolat berishini taʼkidladi. Ushbu eʼtirof uni yangi tashabbuslarga ilhomlantirib, Oʻzbekiston manfaatlarini ilgari surish yoʻlida yanada koʻproq va faol ishlashga undaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?