Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash boʻyicha BRMga erishish sohasida oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashishga tayyor — T. Narbayeva

17:27 26 Noyabr 2021 Siyosat
529 0

2021-yil 25-noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasining kuzgi sessiyasi doirasida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Sogʻliqni saqlash xizmatlari bilan umumiy qamrov va barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.

Yalpi majlisni MDH PA Kengashi raisi Valentina Matviyenko ochib berdi va mavzuning dolzarbligini qayd etdi, shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashishning uchta jihatini ajratib koʻrsatdi. Bular: vaksinadan foydalana olish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda unga chora koʻrish samaradorligini oshirish va aholini sogʻliqni saqlash xizmatlari bilan imkon qadar kengroq qamrab olish.

Konferensiya ishida MDH PA parlamentlar delegatsiyalari rahbarlari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi rahbariyati ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Tadbir davomida Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayeva ham maʼruza bilan soʻzga chiqdi. Oʻzbekistonda Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida sogʻliqni saqlash darajasini yanada oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qayd etib, mamlakatimiz sogʻliqni saqlash boʻyicha BRMga erishish borasida oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashishga tayyor ekanini, shuningdek, profilaktika chora-tadbirlarini ishlab chiqish, shu jumladan yuqumli va irsiy kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha hamkor mamlakatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari sogʻliqni saqlash xizmatlari bilan umumiy qamrov muammosi dolzarbligini inobatga olib, ushbu masalaga bagʻishlangan forumni muntazam ravishda oʻtkazish taklifini bildirdi.

Soʻzga chiqqanlar COVID-19 pandemiyasi davlatlarimiz hayotining barcha jabhalariga jiddiy taʼsir koʻrsatganini, xalqaro hamjamiyat uchun asosiy muammoga aylanganini taʼkidladi. Ishtirokchilar Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi va MDH PA oʻrtasidagi ochiq muloqot ushbu yoʻnalishdagi koʻplab savollarga javob topishga yordam berishini taʼkidlab oʻtdi.

Konferensiya doirasida “Jamiyat sogʻliqni saqlash xizmatlari va tibbiy yordamdan foydalanish huquqini qonunchilik yoʻli bilan taʼminlashda parlamentlarning oʻrni”, “Sogʻliqni saqlash xizmatlari bilan umumiy qamrov huquqi: sifatli tibbiy-sanitariya yordamidan hammaning foydalana olishi va moliyaviy xavflardan himoyalanish” mavzularida munozaralar oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?