Oʻzbekiston-Singapur biznes-forumi boʻlib oʻtdi

13:27 16 Yanvar 2023 Siyosat
784 0

Joriy yilning 16-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi arafasida Singapurda ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan Oʻzbekiston-Singapur biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Singapur savdo va sanoat vaziri Gan Kim Yong, Singapur biznes federatsiyasi raisi Lim Ming Yan, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi korporatsiya, xolding va kompaniyalarining 200 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Laziz Kudratov qutlov soʻzida Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochib berishi kutilayotgan oliy darajadagi tashrif muhimligini taʼkidladi.

“Biz boʻlib oʻtadigan tadbirning barcha imkoniyatlaridan unumli foydalanib, uning kun tartibini aniq kelishuvlar bilan boyitishga bel bogʻlaganmiz”, — deydi Laziz Kudratov.

Forum davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan investitsiya jozibadorligini oshirish, investorlar himoyasini kuchaytirish va tashqi savdoni liberallashtirishga qaratilgan islohotlar haqida maʼlumotlar berildi. Qabul qilingan dasturlar natijadorligi tufayli xorijiy hamkorlarning Oʻzbekistonga qiziqishi ortib, ishonchi mustahkamlanayotgani taʼkidlandi.

Ishtirokchilar eʼtibori ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqilib, amalga oshirilayotganligiga, savdo-sanoat kooperatsiyasi rivojlanayotganligiga, umuman olganda, tadbirkorlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirishning ijobiy dinamikasiga qaratildi.

Keyingi yillarda Singapurning Oʻzbekistonga kiritgan investitsiyalarining hajmi 700 million dollardan oshdi, Singapur kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4, ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi esa 2 barobar oshdi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishning eng istiqbolli choralari sifatida mintaqalararo transport-logistika loyihalarini amalga oshirish, mavjud transport yoʻlaklari va infratuzilmalaridan faol foydalanish yoʻnalishlari belgilandi.

Oʻz navbatida, Singapur tomoni Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli sohalarda sheriklikni mustahkamlash va kengaytirishda davom etish niyati qatʼiy ekanini tasdiqladi. Kimyo, toʻqimachilik, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi sanoati, taʼlim, sogʻliqni saqlash, logistika, shuningdek, IT-sektori oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor sohalari sifatida belgilandi.

Forum dasturi Singapurning yirik biznes vakillari ishtirokidagi yalpi majlis bilan davom etdi. Unda Indorama Group direktori Prakash Kejrival, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti prezidenti Erik Kuan va PSA International bosh direktori Van Chi Fo ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan Oʻzbekistonda samarali biznes yuritishning amaliy jihatlari, transport va logistika sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Tadbir dasturi doirasida B2B muzokaralari hamda mamlakatimiz investitsiyaviy salohiyati toʻgʻrisida va Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlari kesimidagi aniq loyihalar taqdimotlari oʻtkazildi.

Biznes-forum yakunlari boʻyicha savdo, investitsiyalar va moliya yoʻnalishlarida, kimyo, energetika va toʻqimachilik sanoati, sanoat zonalarini rivojlantirish, infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 22 ta shartnoma va bitimlar imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?