Oʻzbekiston — SHHT: Raqamli savodxonlikni rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi

16:03 11 Noyabr 2020 Siyosat
303 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 10-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida oʻtgan navbatdagi majlisida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi davlatlar delegatsiyalarining rahbarlari ustuvor yoʻnalishlarda koʻp tomonlama munosabatlarning bugungi holatini tahlil qilib, ularni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida bugungi kunda barcha mamlakatlarni larzaga solgan pandemiya davrida eʼtibor qaratish zarur boʻlgan muhim sohalarni rivojlantirishga doir takliflarni aytib oʻtdi.

Shulardan biri — pandemiya davrida samarali muloqotni yoʻlga qoʻyish hamda tezkor axborot almashinuv vositasining muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Bunda pandemiya davrida raqamlashtirish jarayonining tezlashgani hamda axborot texnologiyalari iqtisodiy oʻsish “drayveri”ga aylangani alohida taʼkidlandi. Shunday ekan, xavfli virusga nisbatan kurash olib borishda hamda karantin asoratlarini yumshatish borasida davlatlarning oʻzaro tajriba almashinuvi katta ahamiyatga molik masaladir. Shu bilan birga, aholi oʻrtasida virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda masofaviy muloqotni yoʻlga qoʻyishning eng maqbul yoʻli ham axborot texnologiyalarining bugungi kundagi xizmatiga bevosita bogʻliq.

Ushbu masalaning oʻta jiddiy xarakterini anglagan holda, davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish maqsadida oʻzaro kelishilgan oʻquv dasturlari asosida aholini oʻqitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Raqamli savodxonlik — zamonaviy dunyoda hayot uchun, raqamli texnologiyalar va internet resurslaridan xavfsiz va samarali foydalanish uchun zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va malakalar toʻplamidir. Dinamik onlayn rejimlarni yaratish va saqlash, yirik va murakkab boʻlgan onlayn ijtimoiy tarmoqlarni boshqarish qobiliyati hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida mamlakatimizda taʼlim tizimining barcha bosqichlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqtisodiyot uchun zarur boʻlgan raqamli bilimlarning darajasini oshirish, taʼlim infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, “Besh tashabbus” loyihasini amalga oshirish doirasida 2022-yilga qadar respublikaning barcha hududlarida raqamli bilimlarga oʻqitish markazlarini ochish koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda raqamli savodxonlik masalasi ham professional hamjamiyat, ham davlat hokimiyati organlaridan alohida eʼtibor talab qilmoqda. Birinchi navbatda, aholiga davlat va kommunal xizmatlar koʻrsatishda raqamli identifikatsiya tizimini yaratish masalasini hal etishga eʼtibor qaratish lozim. Barcha vositachilarni olib tashlash va “yagona darcha” nomli vositalarni qoldirish davr talabiga aylandi. Bu davlat apparati yoʻqotishlari va xarajatlarining sezilarli darajada kamayishi hamda fuqarolar va davlat idoralari oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir sifatining optimallashuviga olib keladi.

Eʼtirof etish kerakki, davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkilotining videoanjumanida qatnashib, davrimizning ogʻriqli nuqtalariga baho berar ekan, gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan aniq va konstruktiv tarzda bildirgan fikrlari tashkilotga aʼzo mamlakatlar rahbarlarining yakdil munosabati va ijobiy xulosalariga sabab boʻldi.

BMT tashkiloti hamda SHHT kabi nufuzli xalqaro hamjamiyatlar bilan hamkorlik doirasida Oʻzbekiston davlatining obroʻyi oshib bormoqda. Davlatimiz rahbari ushbu xalqaro tashkilotlar minbaridan turib, mamlakatimiz nomidan qatʼiyatli va konstruktiv takliflarni ilgari surishi va ushbu takliflarning toʻlaqonli ravishda inobatga olinib, yakuniy hujjatda oʻz ifodasini topayotgani mamlakatimizning dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlayotganidan dalolat beradi.

Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?