“Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvoni taʼsis etiladi

18:50 03 Noyabr 2020 Siyosat
193 0

Mamlakatimizda iqtisodiyotning muhim boʻgʻini — sanoatni rivojlantirish uchun foydali qazilma zaxiralarini aniqlash, yangi konlarni oʻzlashtirish ustuvor vazifalardan sanaladi. Shu bois, oxirgi yillarda geologiya sohasini taraqqiy ettirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning tizim faoliyatiga oid qabul qilingan bir qator hujjatlari ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni kengaytirishda dasturilamal boʻlmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 3-noyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ana shu nuqtayi nazardan koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlab oʻtilganidek, qonun loyihasining maqsadi va vazifasi geologiya sohasi xodimlarini ragʻbatlantirish, mazkur kasbning nufuzini oshirish va yosh kadrlarni geologiya sohasiga jalb qilishdan iborat.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur hujjatning qabul qilinishi togʻ-metallurgiya va boshqa tarmoq korxonalarining barqaror ishlashini taʼminlaydigan geologiya sanoatining nufuzini oshirish, mamlakatimiz mineral-xomashyo bazasini kengaytirishda geologik qidiruv ishlarining samaradorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, foydali qazilma konlari sonining koʻpayishiga, eng asosiysi, mineral-xomashyo bazasini rivojlantirishda munosib hissa qoʻshgan fidoyi geologlar mehnatini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?