Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari boʻyicha Milliy taʼlim dasturi ijrosi qanday?

16:17 28 Sentyabr 2023 Siyosat
290 0

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining joriy yil 27-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari boʻyicha Milliy taʼlim dasturi ijrosi yuzasidan axborot eshitildi.

Senat aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari, ekspertlar va jurnalistlar ishtirok etgan ushbu majlisda Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 7 ta yoʻnalish va 30 ta banddan iborat ekani, shundan 2 ta band (1, 9-bandlar) oʻz muddatida amalga oshirilgani, qolgan 28 ta band hozirda amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, hududlarda “Inson huquqlari — oliy qadriyat” mavzuida “Prokuror va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar”, “Majburiy ijro byurosi va yoshlar bilan ishlash boʻyicha rahbar”, “Davlat xavfsizligi va yoshlar bilan ishlash boʻyicha rahbar” uchrashuvlari tashkil etildi. Respublika boʻylab tashkil etilgan uchrashuvlarda 8 mingdan ortiq yoshlar qamrab olindi.

Shu bilan birga, Jamoat xavfsizligi universitetida “Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari” fani doirasida “Axborot soati” hamda “Axloq soati” mavzularida uchrashuvlar tashkil etilib, unda ofitserlar, serjantlar va kursantlar, talabalar, muddatli harbiy xizmatchilar qatnashgan.

Qisqa muddatli malaka oshirish kurslari jadvali, qiynoqlarga qarshi kurashish boʻyicha surishtiruv, tergov, dastlabki tergov organlari va ozodlikdan mahrum qilish joylari xodimlari uchun oʻquv dasturi va moduli ishlab chiqildi. Reja asosida hududlarda milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda “Qiynoqlarga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida kurslar tashkil etildi. Hududlardagi axborot-kutubxona markazlariga inson huquqlari sohasidagi 2 150 nusxa adabiyotlar yuborildi.

Shuningdek, senatorlar olib borilgan oʻrganishlar asosida qator muammolarni aniqladi. Jumladan, vazirlik hamda idoralar tomonidan “Yoʻl xaritasi”ning ayrim bandlarini bajarishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan, uning amalga oshirilishi toʻgʻrisida axborot berilmagan.

Muhokama davomida Senat qoʻmitalarining qoʻshma qarori qabul qilinib, uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер