Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Koreya Respublikasi Atrof-muhit vaziri oʻrinbosari Yu Chechul bilan uchrashdi

13:41 25 Yanvar 2023 Siyosat
209 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri A. Abduxakimov va Koreya Respublikasi Atrof-muhit vaziri oʻrinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda tomonlar keyingi yillarda Oʻzbekiston va Koreya davlatlari oʻrtasida barcha sohalarda boʻlgani kabi ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishida ham hamkorlik aloqalari izchillik bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Aytish oʻrinliki, hozirda Global yashil oʻsish instituti (GGGI)ning Markaziy Osiyodagi yagona ofisi Oʻzbekistonda ochilgan boʻlib, Tabiat resurslari vazirligida faoliyat koʻrsatmoqda. “KEITI” kompaniyasi ishtirokida samarali amalga oshirilgan “Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha bosh rejani tuzish” texnik koʻmak loyihasi doirasida 6,6 AQSH dollariga teng grant loyihasi moliyalashtirish uchun maʼqullandi, shuningdek, yirik investitsiya loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilib, Koreya Hukumatiga taqdim etildi.

Shuningdek, “Sejin G&E So., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida “Toshkent viloyati maishiy chiqindilar poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Investitsiyalar va Energetika vazirliklari bilan kelishuvga erishilganligi ham muhim jihat sanaladi.

Tabiat resurslari vazirligi xodimlarining Koreya Respublikasi Atrof-muhit vazirligining Ekologiya sohasida kelajak ilgʻor rahbarlar uchun magistrlik dasturi (MGLEP)da faol ishtirok etayotgani ham yaqin hamkorlikning yana bir amaliy ifodasidir.

Uchrashuvda tomonlar ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yoʻnalishida hamkorlikda olib borilgan ishlarning natijalari hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar va tashabbuslarni muhokama qilishdi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi va Koreya Respublikasi Atrof-muhit vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv Bayonoti imzolandi.

Koreya Respublikasi Atrof-muhit vaziri oʻrinbosari Yu Chechul boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.

Tashrif davomida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazilishi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi “Ohangaron” va “Maydontol” maishiy chiqindilar poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish” loyihasining boshlanishiga bagʻishlangan tadbirda ishtirok etish koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер